Breaking News

Amerikalik fermerlar nega yangi texnika xarid qilmayapti?


Amerika dalalaridagi texnologiya
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:29 0:00

Alyuminiy va po’lat qimmatlagani, shuningdek, qishloq xo’jaligi mahsulotlari narxi tushib ketgani sabab amerikalik dehqonlar qimmatbaho texnika sotib olmayapti. Yangi texnologiyalar bilan jihozlangan uskunalar kerak, deydi ular, ammo hozirgi moliyaviy ahvolda xarid qilish qiyin.

AQSh qishloq xo’jaligi sektorida texnikani asosan ikki rangda ko’rasiz - qizil yoki yashil. Ikki yirik kompaniyaniki.

“Ford” yoki “Shevi” mashinalari bo’lganidek, dalada “Keys” yoki “Jon Diyer” texnikasi”, - deydi fermer Megan Dvayer.

Uning oilasiga qizil “Keys” (Case) traktorlari manzur. Vaholanki, ular “Jon Diyer” (John Deere) kompaniyasining Molin shahridagi bosh ofisi yaqinida yashashadi.

“Doimo qizil texnika olganmiz, o’rganib qolganman”, - deydi Dvayer.

Dvayerlar oilasi ayrim traktorlarni 1970-yillarda xarid qilgan, qizlari Megan hatto tug’ilmagan edi. Hamon ishlab turibdi. Yangilarini olish kerak, biroq bu boshqa masala.

“Pul yo’q. Hozir zararga ishlayapmiz”, - deydi ayol.

Amerika dehqonlari besh yildan beri yetarli daromad qilolmayapti. AQSh tariflariga javoban boshqa davlatlar ham AQSh qishloq xo’jaligi mahsulotlariga tarif qo’ygan. Tramp ma’muriyati alyuminiy va po’lat importiga belgilagan tariflar esa AQShda traktor va kombaynlar ishlab chiqarish xarajatini oshirdi.

Bunday iqtisodiy muhitda fermerlar yangi uskunaga mablag’ sarflashni istamaydi.

“Bank va kreditorlardan qarz olaman desangiz ular foyda keltiradigan biznesingiz bormi deb so’raydi”, - deydi Megan Dvayer.

“Jon Diyer” kompaniyasining daromad prognozi yaxshi emas. Kompaniya xarajatlarini kamaytirish bilan band. Illinoys va Ayova shtatlaridagi zavodlarida traktor ishlab chiqarish 20 foizga qisqaradi.

“Mijozlarimiz bilan hamnafasmiz, ularning kayfiyatini o’rganamiz. Uskuna va texnologiyalarimiz bozorga qarab o’zgarib boraveradi”, - deydi "Jon Diyer" kompaniyasi vakili Lorel Kayes.

AQSh boshqa davlatlar bilan savdo ustida tortishar ekan, kompaniya fermerlarga boshqa imkoniyatlarni ham taklif etmoqda.

“Yangi uskuna sotib olishni istamasangiz yoki qurbingiz yetmasa, biz sizdagi texnikani yangi texnologiya bilan jihozlab, yangilab beramiz”, - deydi Kayes.

AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligiga ko’ra, ayni paytda fermerlik sektorida qarzdorlik 426 milliard dollarga yetgan. Mamlakatning aksar qismlarida kasodga uchrayotgan fermerlik xo’jaliklari uchraydi. Qarz va kreditlarni to’lay olmaslik hollari esa so’nggi olti yilda eng yuqori nuqtaga yetgan.

Texnikani biroz yangilab olish yangisini xarid qilishdan ko’ra arzonroq, albatta. Ammo ko’pchilik fermerlar baribir bankdan qarz olishiga to’g’ri keladi.

“Dalada bundan-da muhimroq ishlar ko’p”, - deydi Dvayer.

Shu bois Megan Dvayer “Keys” traktorlarini eski bo’lsa ham tuzatib ishlataveradi. Dehqonlar ularning daromadini kamaytirayotgan va hatto bankrotlik yoqasiga olib kelayotgan savdo urushlari tugashini kutmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG