Breaking News

AQSh Federal Qidiruv Byurosi 100 yoshda: Izquvar agentlik tarixi


AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi bu davlatning chet eldagi maxfiy xizmati bo’lsa, Federal Qidiruv Byurosi mamlakat ichida yuz bergan jinoyatlarni fosh etish bilan mashg’ul.

Siz qisqacha “FBR” deb biladigan va Gollivud filmlaridagi g’aroyib hikoyalar markazida bo’lgan bu idoraga asos solinganiga shu kunlarda 100 yil to’ldi.

1908 yilda tuzilgan va jinoiy tergov bilan shug’ullanuvchi ushbu tashkilot atigi 34 agent bilan ish boshlagan. Bugun byuro 13 ming maxsus tergovchiga ega va ularga yordam ko’rsatuvchi yana 23 ming xodimi bor.

XX asr boshida, AQSh Adliya vazirligi qoshidagi kichik bir bo’lim sifatida ochilganida, idora jinoiy tergov emas, qog’ozbozlikka berilgan maskan sifatida qaralgan. 1924 yilda bo’limga 26 yoshli Edgar Xuver rahbar etib tayinlanadi.

Federal qidiruv byuro tarixini izchil o’rgangan Jon Foks, Xuver haqiqiy professional agentlik joriy etgan, deydi.

“Edgar Xuver byuro har qanday jinoyat siru-asrorlarini fosh eta oladigan, xalq va hukumat ishongan, mohir tergovchilar ishlaygan boshqarma tuzishga erishgan”.

1920-30 yillar Amerika tarixiga qora jinoyatlar davri sifatida kirgan. Iqtisodiy nochorlik o’g’rilik va qalloblikka turtki berib, qidiruv idorasi mamlakat bo’ylab banklarni o’marayotgan guruhlar iziga tushgan. Korrupsiyaga qarshi kurashuvchi kuchli agentlik sifatida nom qozona boshlagan.

Edgar Xuver boshchiligidagi izquvarlar matbuotda va shu tariqa omma nazarida xalq qahramonlariga aylangan, hatto shu kungacha.

Federal Qidiruv Byurosi xodimlari fikricha Edgar Xuver - o’lmas siymo.

Iste’fodagi agent Stan Pimentelning aytishicha Xuver jinoyatni tekshirish faqat professionallarga topshirilishi kerak deb hisoblagan. Agentlik shu shior ostida ishlab kelgan.

“Xuver hukumatga hisobot bergan xolos. Kongress yoki Oq Uy agentlik ishiga aralashmagan. Edgar Xuver - FBR, FBR bu Edgar Xuver degani edi. Uni hech kim so’roqqa tuta olmas, unga hech kim buyruq bera olmas edi”.

Mustaqil idora sifatida shakllanmasin, federal qidiruv byurosi qator xatolari va mojaroli operatsiyalari bilan ham tanilgan. 1960-yillarda qora tanlilar huquqi uchun kurashayotgan faollarga tazyiq o’tkazgan va kuzatgan.

85 yoshli sobiq agent, byuroning maxfiy amaliyotlarini boshqargan Ed Miller fikricha Ed Xuver inson huquqlarini hurmat qilgan, ammo AQShda kommunizm ildiz otmasligi uchun har qanday chora ko’rishni ma’qul deb bilgan. Xuver irqchilikni katta muammo deb hisoblagan, biroq uning nazarida qora tanli faollarning hammasi ham vijdonli insonlar emas edi.

“Xuver Martin Lyuter Kingni hurmat qilgan. Lekin agentlik uning, oilali odamning, ma’shuqalari borligini aniqlagach, irqchilikka barham berilishini talab qilayotgan bu inson u qadar pok emas degan”.

Edgar Xuver 1972 yilda vafot etgach, federal qidiruv byurosining ko’p sirlari ochildi. Xuver nazarida AQShning eng usta agentlaridan biri bo’lgan Robert Xanssen SSSRga josuslik qilganlikda, nozik ma’lumotlar uzatganlikda aybdor deb topildi.

Bugunga kelib AQSh Federal Qidiruv Byurosi jahonda jinoiy tergov bo’yicha eng ilg’or tashkilot sanaladi. Asosan ichki jinoyatlarni tekshirsa-da, global miqyosda faoliyat yuritadi. Xavfsizlik - asosiy maqsad.

Tarixchi Jon Foksning qayd etishicha, FBR o’tmishdan saboq oladi, ammo hukumat organi sifatida zamon talablarini ham yaxshi tushunadi. Xalq va uning huquqlarini e’zozlagan holda tartibotni ta’minlash oson emas.

“Edgar Xuver qo’li ostida qudratli agentlikka aylangan tashkilot adolat va jinoyatni, jinoyatchi va begunoh insonni, huquq va bosimni, xavfsizlik va tartibsizlikni bir-biridan ajrata oladi. Faoliyatida xatolar ko’p, ammo qora ishlarni fosh etishda Amerika hamon unga tayanadi”.

Terrorizmga qarshi kurash doirasida federal qidiruv byuro ko’plab davlatlarda o’z vakillariga ega, jumladan O’zbekistonda. AQSh elchixonasi qoshida.

XS
SM
MD
LG