Afg’onistonda faoliyat yurituvchi Nay matbuot instituti tarqatgan ma’lumotga ko’ra, o’tgan bir yilda Mozori-Sharifda 40 ga yaqin jurnalist ayol kasbini tark etgan.
“O’tgan yili Balxda 100 dan ortiq muxbir ayollar ishlardi, ammo hozir ularning soni ancha kamaygan”, - deydi Balxdagi institut rahbari Mubniya Xayrondish.
Bunga, asosan, ikkita sabab ko’rsatilmoqda – xavfsizlik va jinsiy tengsizlik.
“Oxirgi paytlarda Afg’oniston shimolida xavfsizlik yomonlashgan. Ko’plab ayollar jurnalistikadan ketmoqda”, - deydi Mahbuba Muhammad ismli jurnalist.
“Mintaqada xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanmas ekan, jurnalist ayollar kamayishda davom etaveradi. Ish joylarida ularga nisbatan muomala ham yaxshimas”, - deydi Balxdagi Muxbir ayollar uyushmasi rahbari Nazira Ahmadiy.
Afg’onistonda ayollar huquqlari ancha yaxshilanganiga qaramay, oila va jamiyatning ularga bosimi hali ham kuchli.
“Erkak jurnalistlar bilan qiyoslaganda ayollarning qobiliyati jiddiy qabul qilinmaydi. Ularga hali ham buyum sifatida qarashadi”, - deydi bu kasb egasi Katrin Umariy.
“Oilalarda qizlarga jurnalist bo’lishga ruxsat berishmaydi. Bunga bir sabab jamiyatda matbuotga munosabatning salbiyligi. Matbuot ishi ayollarga to’g’ri kelmaydi degan qarash mavjud”, - deydi yana bir muxbir Ruvayda Qodiriy.
AQSh Tolibon bilan tinchlik bitimi imzolashi ketidan va ichki muzokaralar boshlanishi arafasida afg’on ayollari ish sharoitlari va jamiyatdagi o’rni yaxshilanishiga umid qilmoqda.
Facebook Forum