Vashingtonda 160 yodgorlik bo’lsa, ularning atigi 50 tasida ayollar siymosi ifodalangan. Jinsiy mutanosiblikni ta’minlash uchun shahar kengashi qonun loyihasi qabul qildi. Poytaxtda boshqa irq vakillari, xotin-qizlar va mahalliy qahramonlar siymosi aks ettirilgan sakkizta haykal o’rnatiladi. Aholisining yarmidan ko’pi ayollardan iborat Nyu-Yorkda ham o’xshash manzara.
Nyu-Yorkda 150 ta haykal bo’lsa, shulardan beshtasida ayollar gavdalanadi. Mahalliy hokimiyat bu nomutanosiblikni o’zgartirish payida.
“Jinsiy nomutanosiblik nafaqat Nyu-York shahridagi haykallarda, balki davlat boshqaruvi, siyosat, tadbirkorlik, ko’plab boshqa sohalarda ham ko’zga tashlanadi”, - deydi Nyu-York ayollari tashabbusi rahbari Fey Penn.
Tashabbus “Ayol yaratgan Nyu-York” deb nomlanadi.
Unga ko’ra, shaharning besh rayonidan har birida Nyu-Yorkka aloqasi bor xotin-qizlar yodgorligi o’rnatiladi.
Shahar hokimiyati nomzodlar borasida xalq muhokamasi va tavsiyalariga ochiq.
“Muhokamada ikki mingdan ziyod odam qatnashib, 300 dan ortiq ayol nomzodini ko’rsatdi. 2020-22-yillarda qo’yilishi rejalanayotgan beshta yodgorlik va haykal xalq tavsiya qilgan ro’yxatdan”, - deydi Fey Penn.
Nyu-Yorkning Manxetten rayonidagi afsonaviy Markaziy bog’iga Elizabet Kaydi va Syuzan Entoni yodgorligi qo’yiladi. Ular 1800-yillarda xotin-qizlar huquqi va qullikka qarshi kurashgan faollar.
Markaziy vokzalga inson huquqlari kurashchisi Elizabet Grexem haykali o’rnatiladi. U 1854-yilda Nyu-York shahar ma’muriyatini jamoat transportidagi ayirmachilik uchun sudga bergan.
Bruklin rayonida Sherli Chizolm qad ko’taradi.
“U AQSh Kongressidagi ilk qora tanli kongressmen ayol bo’libgina qolmasdan prezidentlikka o’z nomzodini qo’ygan birinchi afro-amerikalik ayol ham bo’ldi. Demokratik partiyadan nomzod bo’lish uchun qattiq kurashgan”, - deydi faol Brus Linkoln.
Kvins rayoniga jazz ustasi Billi Xolidey haykali qo’yiladi.
Bronks rayonida Amerika sog’liqni saqlash uyushmasining birinchi latino rahbari Xelen Rodriges Triasning xotirasi abadiylashtiriladi.
30 yil davomida Nyu-York bandargohida mayoq chiroqchisi bo’lib ishlagan Katerina Uokerning haykali Staten-Aylend rayoniga o’rnatiladi.
Tanlangan haykal va yodgorliklar o’z hissalari bilan Nyu-York shahrini o’zgartirgan ayollarga bag’ishlanadi, deydi rasmiylar.
Facebook Forum