Bugun Missuri shtatining Ferguson shahrida ikki politsiyachi otib ketilgan - biri yuzidan, ikkinchisi esa yelkasidan yaralangan.
O'tgan yili aynan shu shaharda oq tanli politsiyachining qora tanli o'smirni otib o'ldirgani mamlakat bo'ylab noroziliklarga sabab bo'ldi.
Shundan so'ng Adliya vazirligi Ferguson shahar politsiya boshqarmasi ishini tekshirib, qora tanli aholiga nisbatan irqchilik va adolatsizlik holatlarini aniqlagan. Natijada kecha politsiya boshlig'i Tomas Jekson iste'foga chiqdi.
Bugungi otishma mahkama yonida sodir bo'lgan. Politsiyachilarning ahvoli juda og'ir ekani aytilmoqda. Avgust oyidagi noxush voqeadan so'ng boshqarmaning jami olti politsiyachisi ishdan ketgan.