Janubiy Afrika ilk bor futbol bo'yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda. Musobaqa Yoxannesburgdagi yangi ta'mirlangan stadionda Janubiy Afrika-Meksika o'yini bilan boshlandi. Ochilish matchiga o'zbekistonlik Ravshan Ermatov hakamlik qildi.
Turnirning ochilish marosimida Janubiy Afrika sobiq prezidenti, 91 yoshli Nelson Mandela qatnashishi kutilgan edi, biroq kecha 13 yashar chevarasi avtohalokatda nobud bo'lgach, Mandela ochilish marosimiga bormaslikka qaror qildi.
Zenani Jahon chempionatiga bag'ishlangan konsertdan uyga qaytayotganida avariyaga uchragan.
Kuzatuvchilarga ko'ra, Argentina, Braziliya, Ispaniya va Angliya jamoalarida kubokni qo'lga kiritish uchun imkoniyat bor.
Jahon chempionati haqida to'liq ma'lumotni Amerika Ovozi sahifasining Janubiy Afrika-2010 rubrikasidan olishingiz mumkin. Shuningdek, saytimizning bosh sahifasida ochilgan ijtimoiy so'rovda Jahon chempionatida qaysi jamoa g'olib chiqishi haqida bashorat qilishingiz mumkin.