AQShda saylovga sanoqli kunlar qolarkan, amerikaliklar saylovga doir ma’lumot va xabarlarni olishda “Google”, “Facebook”, “Twitter” va internetdagi boshqa resurslardan foydalanmoqda. Ammo doim ham ma’lumotlar haqiqatga yaqin emas.
“Har 10 amerikalikdan 8 tasi noto’g’ri ma’lumotlar saylov natijasiga ta’sir qilishi mumkinligidan xavotirda,” – deydi Mayamidagi “Nayt jamg’armasi” direktori Jon Sends.
Ammo hamma ham xato yoki yolg’on ma’lumotni haqiqatdan ajrata ololadimi?
“Har bir odam bu ishni o’zi qilishi kerak. Xabar to’g’rimi, xolismi? Buni o’zi aniqlashi kerak”, - deydi xabarlarning xolislik darajasini aniqlash imkonini beruvchi “Ground News” asoschisi va rahbari Xarlin Kor.
“Deylik, biror xabar saylov haqida bo’lsin. Uning turli manbalar tomonidan qanday yoritilganini ko’rsatib beramiz – o’ta chapdan o’ta o’ng tomon”, - deydi Kor.
“Ground News”ning brauzerdagi kengaytmasi har bir xabarni shunday tahlil qilish imkonini beradi.
“Kompyuter sichqonchasining bir harakati bilan muayyan mavzuda qanday xabarlar borligini va ular qanday yoritilganini bilib olsa bo’ladi”, - deydi sayt asoschisi.
“Hech bir inson xolis emas. Bilgan va bilmagan narsalarimizga, hayotiy tajribamizga noxolislik bilan yondashamiz”.
Jon Geybl matbuot vositalarining noxolislik darajasi reytingini aniqlovchi sayt asoschisi.
“Har xil qarashlarni avtomatik ravishda chiqarib turamiz. Biror mavzuda ma’lumot qidirsangiz, ana shu mavzuga doir uch xil qarashdagi xabar chiqadi”, - deydi Geybl.
Foydalanuvchilar tajribasini kuzatuvchi tadqiqotchi Samir Patilga ko’ra, bunday vositalar noto’g’ri ma’lumot tarqalishining oldini olishda yordam beradi.
“Ba’zan “bu xabar shubhali” degan kichik bir ma’lumot ham ancha yordam berishi mumkin”, - deydi u.
Shunda odamlar bu ma’lumotni ulashishdan, tarqatishdan oldin o’ylanib qolishi mumkin, deydi Patil.
Facebook Forum