Breaking News

Amerika filmlarida irqiy tengsizlikka qarshi kurash


Jorj Floydning politsiya qo’lidan o’lishi ketidan AQSh bo’ylab va boshqa mamlakatlarda politsiyaning afro-amerikaliklarga nisbatan zo’ravonligiga qarshi namoyishlar boshlanib ketdi. Amerikada ishlangan ayrim filmlarda 1960-yillardan boshlab kuzatilayotgan irqiy adolatsizlik aks ettiriladi.

Amerika filmlarida irqiy tengsizlikka qarshi kurash
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:26 0:00

Rejissorlar Den Lindsi va Ti Jey Martin ishlagan “Los-Anjeles-92” hujjatli filmida 1992-yilda Los-Anjeles shahrida Rodni King ismli qora tanlining politsiya tomonidan kaltaklanishi va shaharda avj olgan tartibsizliklar hikoya qilinadi.

“Los-Anjeles-92” nafaqat Rodni King ishi haqida hikoya qiladi, balki Los-Anjeles shahrida 1992-yilgi voqealarga olib kelgan oxirgi 20 yildagi politsiya zo’ravonligi va bu tizimdagi korrupsiyani tahlil qiladi”, - deydi Vashington kinotanqidchilari uyushmasi rahbari Tim Gordon.

Tomoshabinlar mehrini qozongan boshqa hujjatli filmlar “Qora tanlilar hayoti muhim” harakati davridagi irqiy tengsizlik muammosini ko’taradi. Rejissor Raul Pekning “Men sening negr quling emasman” yoki Ava Duvernayning “O’n uchinchi” filmi ana shular jumlasidan.

Oxirgi yarim asrda ishlangan badiiy filmlarning ba’zilarida ham bu illat fosh etiladi.

“1967-yilda ekran yuzini ko’rgan va aktyor Sidni Poytiye o’ynagan “Tun jaziramasida” filmini birinchi bo’lib tilga olgan bo’lardim. Unda bir mashhur sahna bor. Poytiye Missisipida sodir etilgan jinoyatni tergov qilishda yordam berish uchun Filadelfiyadan kelgan detektiv rolini o’ynaydi. Tergov paytida u janublik bir odam bilan yuzlashadi va bu odam detektivning yuziga shapaloq tushiradi. Uni kekkaygan deb o’ylaydi chog’i. Poytiye ham uni uradi. Qora tanlining oq tanliga ko’rsatgan qarshiligi o’sha paytda ilk bor suratga olingan edi”, - deydi Gordon.

1989-yilda rejissor Spayk Li tomoshabinlarga havola etgan “To’g’ri ishni qil” filmida Nyu-Yorkning Bruklin rayonidagi irqiy ziddiyatlar, to’qnashuvlar, politsiya zo’ravonligi satira janrida uzatiladi. Kartina afro-amerikalik kinochilarning yangi avlodini shu yo’nalishda ishlashga ruhlantiradi.

“Qora pantera” filmi bilan tanilgan rejissor Rayan Kuglerning ilk kartinasi 2013-yilda ishlangan bo’lib, “Frutveyl stansiyasi” deb nomlanadi. Unda Kaliforniya shtatining Oklend shahrida Oskar Grant ismli 22 yashar qora tanli odam hayotining so’nggi kuni tasvirlanadi. Transport politsiyasi Yangi yil kuni gavjum poyezdda ro’y bergan mushtlashuv haqida xabar topib, Grantni hibsga oladi. Posbonlardan biri tizzasi bilan Grantning boshiga uradi, yana biri esa boshiga o’q uzib o’ldiradi.

“Oskar oddiy odam edi. Shu kuni uyiga, oilasi bag’riga qaytmaydi. Bunday fojiani kompensatsiya pulini to’lash bian yoki politsiyachilarni uzoq yilga qamash bilan tuzatib bo’lmaydi”, - deydi Kugler.

“Frutveyl stansiyasi” kartinasi 2012-yilda Florida shtatida Jorj Tsimmerman ismli bir odamning afro-amerikalik o’smirni otib o’ldirishi ketidan ekranga chiqadi. Trayvon Martinning o’limi “Qora tanlilar hayoti muhim” harakatiga turtki beradi.

Shundan bir yil o’tib, 2014-yilda rejissor Ava Duvernayning “Selma” kartinasi havola etiladi. Ushbu tarixiy dramada 1965-yilda Alabama shtatidagi qora tanli aholining Martin Lyuter King, Xozi Uilyams, Jon Lyuis yetakchiligida Selma shahridan Montgomerigacha ovoz berish huquqi uchun qilgan yurishi hikoya qilinadi. Fuqarolik huquqlari kurashchisi Jon Lyuis filmni tomosha qilganidan so’ng Selma voqealarini “Qora tanlilar hayoti muhim” harakatiga qiyosladi.

“Hozirgi yoshlar va, umuman, boshqalar ham bu kartinadan taslim bo’lmaslikni, gina saqlamaslikni, nafratlanmaslikni, kurashni davom ettirishni o’rgansa bo’ladi. Amerika ruhini tozalash uchun kurash hali ham davom etmoqda”, - deydi faxriy faol.

Jorj Tillmanning 2018-yilda ekran yuzini ko’rgan “Ulashilayotgan adovat” kartinasida yo’l qoidasini buzgani uchun to’xtatilgan qora tanli o’smirning politsiyachi tomonidan otib o’ldirilishi tasvirlanadi. Film mamlakat bo’ylab munozaralar, tok-shoularga turtki beradi, afro-amerikalik o’smirlar politsiya tomonidan to’xtatilganida o’q emasligi uchun o’zini qanday tutishi kerakligi xususida fikrlar bildiriladi.

Kartinada fojiaga guvoh bo’lgan Starr Karter ismli 16 yashar qora tanli o’smir qiz politsiyaga qarshi namoyishlarda faolga aylanadi. Bu rolga aktrisa Amandla Stenberg tanlangan.

“Hozir ham shunday voqealar videoga tushib turadi. Kartina hozirgi voqelikni tasvirlashini bilganmiz. Shuning uchun bu bizga qo’shimcha mas’uliyat yuklashini anglab, bu voqealar va ulardan zarar ko’rgan odamlar hikoyasini tomoshabinga yetkazishni burchimiz deb bilganmiz”, - deydi aktrisa.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG