Breaking News

Amerika hayotidan: Daryoni toza saqlayotgan ko'ngillilar


Vashingtonning suvi qanchalik toza?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00

Bir necha shtat, shuningdek poytaxt Vashingtondan oqib o’tadigan Potomak daryosi suvini kemaga joylashtirilgan laboratoriya tekshirib turadi. Atrof-muhit muhofazasi bilan shug’ullanuvchi mahalliy tashkilot daryoni toza saqlash uchun suv sifatini tekshirib boradi, suzish xavfsiz bo’lgan joylarni aniqlashga yordam beradi.

Karl Shayder “Potomac Riverkeeper Network” tashkilotida ko’ngilli bo’lib ishlaydi. Har hafta Potomak daryosining Virjiniya shtatidan oqib o’tadigan qismida suvdan namuna oladi. Suvdagi kislota darajasi, tiniqliligi va harorati o’lchanadi.

"Oqova suvlar daryoni ifloslantiradi, suvning sifati ham tushib ketadi", - deydi Shayder.

Kichik portni boshqaruvchi Chip Jonston ham o’zini daryo qo’riqchisi deb ataydi.

“Shaharlar oqova suvlarni boshqarishi kerak. Yomg’irlar daryoga axlat olib kelmasin”, - deydi u.

650 kilometrga cho’zilgan Potomak Vashington, Merilend va Virjiniyani bog’laydi. Daryo suvi ifloslanib ketgan edi. Ammo so’nggi yillarda tozalash ishlari natijasida ahvol ancha yaxshilangan.

Ko’ngillilardan yana biri Din Nayuksning ishi - monitoring. Qonunga bo’ysunmaydiganlarni aniqlaymiz, deydi u.

“Suv sifatini yaxshilashga doimiy e’tibor zarur. Bo’lajak avlod uchun daryoni toza saqlaymiz desak, qat’iyat bilan ishlashimiz kerak”, - deydi Nayuks.

Aleksandriya shahridagi mana bu parkning sohildagi hududi o’rab qo’yilgan. Bu yerda yillar oldin yopilgan zavoddan neft qoldiqlari hamon suvda ko’rinib turibdi. Zavod Aleksandriya shahriga tegishli edi. Muammoni hal qilamiz, tozalaymiz, deydi rasmiylar.

“Aholi salomatligi uchun xavf bu. Tozalaysizlar, deb qonun qabul qilishga majburladik”, - deydi Nayuks.

Bu hafta suvdan olingan namunalar qayiqdagi laboratoriyaga olib kelindi. Bakteriya miqdori va suvning tiniqliligi tekshirilmoqda.

“Yo’laklar, parklar va maysazorlardagi hamma narsa yomg’ir bilan daryoga oqib tushadi”, - deydi volontyor Karl Shayder.

Analiz natijalari dunyo bo’ylab minglab plyajlarda suv sifatini kuzatib boradigan internet sahifa va ilovaga joylashtirib boriladi.

“Maqsad - odamlarga daryoga kirish qachon xavfsiz ekanini bildirish”, - deydi Nayuks.

Unga ko’ra, tozalikka barcha hissa qo’shishi kerak:

“Suvga plastik idishlar va axlat tashlamang. Tozalik mahalliy darajada, odamlarning o’zidan boshlanadi. Toki Potomak barcha uchun sevimli dam olish maskani bo’lib qolsin".

“Chiroyli daryomiz bor. Sharsharalardan tortib suv havzalarigacha kezib chiqsangiz, Vashington atrofida turli xil ekosistemalarni ko’rasiz”, - deydi Shayder.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG