Florida maktabidagi otishmadan omon qolgan o’quvchilar kelasi oy poytaxt Vashington va boshqa katta shaharlarda namoyishlar uyushtirmoqchi. Ilm dargohlarida qon to’kilyapti, qonunchilarimiz esa qo’l qovushtirib o’tiribdi, deydi ular. Qurolga egalik huquqini targ’ib qiluvchi Qurol uyushmasi keskin tanqid ostida. Bu tashkilotdan mablag’ olgan kongressmen va senatorlar qoralanmoqda.
AQShda otishmalar ro’y berganda, doimo ruhiy kasalliklar tilga olinadi. Xunrezlikning asl sababi - qurolni qo’lga kiritish oson ekani chetda qolib ketadi.
Florida maktabida halok bo’lganlar dafn etilar ekan, Mayami shahrida navbatdagi qurol ko’rgazmasi tashkil etildi. Yillik tadbirga 5000 dan ziyod odam boradi. Unda turli xil rusumdagi qurollarni, jumladan, so’nggi otishmada ishlatilgan AR-15 avtomatini xarid qilish mumkin. Xususiy tadbirkorlar bunday shoularda xaridorning kimligini tekshib o’tirmaydi.
Senatda demokratlar sardori Chak Shumerning aytishicha, Tramp ma’muriyatining 2019-yilgi byudjetida qurol sotib olishni yanada osonlashtirish ko’zlangan.
“Prezident Trampning o’zi tekshiruvlarni susaytirish tarafdori. Unga qo’yib bersa, jinoyatchilar ham, ruhiy kasal odamlar ham bemalol miltiq sotib olaveradi”, - deydi senator.
Trampga ko’ra, Federal Qidiruv Byurosi ishini puxta bajarganda edi, Florida maktabidagi fojiani bartaraf etish mumkin edi. Hukumat maktablar xavfsizligiga e’tiborni oshirishga va’da bermoqda.
Otishmadan omon qolganlar, shuningdek, mamlakat bo’ylab o’quvchilar Kongress biror chora ko’rmayotganidan g’azabda. Floridalik Emma Gonzalez AQSh Qurol uyushmasidan o’z saylov kampaniyasi uchun moliya olayotganlarni keskin qoraladi.
“Uyat sizga”, - deydi u siyosatchilarga qarata.
Unga ko’ra, Tramp lobbichi tashkilotdan 30 million dollar mablag’ olib, Obama davrida qabul qilingan bir qoidani bekor qilgan. U ruhiy xasta odamlarni qurol xarid qilishdan to’xtatishga qaratilgan edi.
“Tramp olgan pulni 2018-yilda quroldan jabr ko’rganlar boshiga taqsimlasa, 5800 dollar chiqadi. Siz uchun inson hayoti shuncha turadimi?” - deb so’raydi faol.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Keyingisi menman” va “Hech qachon” nomli harakatlar paydo bo’lib, ularga minglab yoshlar qo’shilmoqda. Maktabda, sinf xonasida halok bo’lish oddiy holga aylanmoqda, deydi ular.
Faollarga ko’ra, shunday ijtimoiy muhit yaratish kerakki, qurol sanoatidan mablag’ oladiganlar sharmanda bo’lsin. Kelasi oy namoyishlar o’tkazish rejalangan. Qurollar ustidan nazorat kuchaytirilmas ekan, maktablarni boykot qilish to’g’risida takliflar ham bor.
Facebook Forum