Millionlab amerikaliklar koronavirus tufayli uyda ekan, ehtiyojmand qatlamni oziq-ovqat bilan ta’minlovchi xayriya tashkilotlari ortib borayotgan talabni qondirishga qiynalmoqda.
Los-Anjeles regional oziq-ovqat markazi bugun har qachongidan band. Yuzlab kichik xayriya tashkilotlar va mahalliy dasturlarga mahsulot shu yerdan tarqatiladi.
Kaliforniyaning uysizlar katta sonda yashovchi bu rayonida 2019-yilda ham oziq-ovqatga talab pasaymagan.
“Joriy yilning yanvar va fevralida ish qaynadi. Mart oyiga kelib, nafas olishga vaqt yo’q”, - deydi markaz rahbari Maykl Flad.
Koronavirus tufayli ishsizlar soni ortib borayapti. Buning ortidan ko’mak dasturlari har hafta kengaymoqda.
“Kuniga 800 dan 950 oilagacha yordam so’rab kelyapti”, - deydi u.
Chunki, deydi Maykl Flad, ko’plab oilalar daromadidan ayrilgan. Shtat gubernatorlarining qarori bilan millionlab ishchilar uyda o’tiribdi.
Buning iqtisodiyotga salbiy ta’siri katta. Oziq-ovqat markazlari odatda boshqa muhtoj hududlarga ham ko’mak jo’natadi.
“Pandemiya 50 shtatning hech birini chetlab o’tgani yo’q”, - deydi “Feeding America” xayriya tashkiloti vakili Zuani Villareal.
“Silikon vodiysi, San-Fransiskoning ayrim hududlari biroz oldinroq karantin joriy etgan edi. U yerdagi tashkilotlar bilan bog’lanib, maslahatlashgan holda ishlayapmiz”, - deydi Flad.
Ammo Qo’shma Shtatlar bo’ylab ayrim mahalliy oziq-ovqat tarqatish punktlari yopilgan.
“Chunki ularni yoshi kattaroq fuqarolar, ko’ngillilar boshqaradi. Keksalarga esa hozir uyda bo’lish qat’iy tavsiya etilmoqda. Shuning uchun mahallalarga yegulik ulashishning mobil usullarini joriy etyapmiz”, - deydi Villareal.
Buning ustiga, hozirda xayr-ehson miqdori ham kamayib ketgan. Oziq-ovqat markazlari kamomadni bozordan mahsulot olib to’ldirmoqda. Aholiga ko’mak ko’rsatish tizimi hozircha ishlab turibdi.
O’tgan hafta 6,6 million amerikalik ishsizlik kompensatsiyasi uchun davlatga murojaat qilgan. Undan oldingi ikki haftada esa 3,3 million kishi yordam so’rab ariza topshirgani ma’lum.
“Amazon” kompaniyasi rahbari Jeff Bezos 200 dan ziyod oziq-ovqat markazlariga yordam tarqatuvchi “Feeding America” tashkilotiga 100 million dollar xayriya qildi.
Facebook Forum