Jahon bozorida makkajo’xori narxi oshib bormoqda. AQShdagi qurg’oqchilik buning sabablaridan biri. Shuningdek, go’sht, sut va tuxum mahsulotlarining narxi ham oshishi kutilmoqda.
AQShda makkajo’xori hosilining qariyb 40 foizi etanol ishlab chiqarishga sarflanadi. Bu ham narx-navo o’sishiga hissa qo’shmoqda.
AQShda makkajo’xori hosilining qariyb 40 foizi etanol ishlab chiqarishga sarflanadi. Bu ham narx-navo o’sishiga hissa qo’shmoqda.
Amerikaning yuragida joylashgan Ayova shtatida makkajo’xori ishlab chiqarish sur’ati keskin oshgan. Iqtisodiyot o’sib, Galva kabi shaharchalarda yangi uylar qurilmoqda.
Mahalliy maktablardan birida yaqinda 400 kishilik san’at markazi ishga tushdi. Alan Bennet kabi dehqonlar yangi texnologiya sotib olyapti.
“Bu mening yangi kombaynim”, - deya sotib olgan yangi texnologiyasini namoyish etadi dehqon.
Mahalliy iqtisodiyotning qontomiri makkajo’xori va soya dalalari. Kuad okrugida yetishtirilgan hosildan etanol ishlab chiqariladi.
“Yaqin-atrofda uchta etanol zavodi bor. Makkajo’xori talabgorlari orasida raqobat katta. Ilgari bunday emas edi”, - deydi Bennet.
2005-yilda benzin tarkibiga etanol kabi muqobil yonilg’i turlarini qo’shish haqida qonun qabul qilingan edi. Maqsad mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, deydi okrug mulozimi Delayn Jonson.
“Yonilg’i o’zimizda ishlab chiqarilsa Yaqin Sharqqa tobe bo’lib qolmaymiz. Shuning uchun katta sarmoya qilayapmiz”, - deydi Jonson.
Hukumat talabi oshgani sari mahalliy etanoldan foydalanish hajmi ham ko’paydi. Hozir makkajo’xori hosilining kamida uchdan bir qismi etanol ishlab chiqarishga sarflanmoqda.
Shu bois 2005-yildan beri makkajo’xori narxi uch barobar oshdi, deydi iqtisodchilar.
Bil Tentinger Ayovaning La Mars shaharchasida makkajo’xori yetishtiradi.
Hosilning bir qismi uning cho’chqalari uchun ozuqa. Ammo etanol hayvonlarning yemishini tortib olyapti, deydi u.
“Etanol va hayvonlar bir-biri bilan makkajo’xori talashyapti. Bu hayvonlarga qimmatga tushyapti”, - deydi u.
Bu yilgi qurg’oqchlik hosilni kamaytirgani bois, qoramol, cho’chqa va parrandalar uchun ozuqa topish yanada qiyinlashdi. Makkajo’xori narxi rekord darajada oshdi. Go’sht va sut sanoati katta zararga, hatto kasodga uchrayapti. Shuning uchun fermerlar Kongressdan etanol haqidagi qonunni bekor qilishni so’ramoqda.
“Bu qonun bekor qilinmasa va etanol ishlab chiqarish davom etsa, dehqonlar, umuman, oziq-ovqat ishlab chiqara olmay qoladi”, deydi Tenginger.
Uning aytishicha, oziq-ovqat narxi oshib, zaif iqtisodiyot davrida yana iste’molchilarga qiyin bo’ladi.
Ammo Alan Bennet nazarida, qonunning bekor qilinishi uning shahriga jiddiy zarba bo’ladi.
“Etanol zavodi bankrot bo’lishi mumkin. Bu katta narsa. Yonilg’iga bo’lgan talabning 10 foizini etanol qoplayapti. Etanol Amerikaga kerak”, - deydi u.
Tentinger uning fikrlariga qo’shiladi. Ammo bu yilgi qurg’oqchilik hamma narsani o’zgartirib yubordi.
“Oziq-ovqat yoki yonilg’idan birini tanlash haqidagi bahslarga qo’shilgan emasdim. Ammo bu e’tirozlarda jon borga o’xshaydi’, - deydi dehqon.