Shahnoza Eshonqulova Moskva ko’chalarini supurib non topadi. Izg’irin sovuqda ham, yozning issig’ida ham u ko’chada. Bir tiyinning hisobini chamalab kun ko’radi. 2008-yili O’zbekiston Milliy universitetini bitirgan ayol maktab o’qituvchisi edi. Lekin ishsiz yurgan ko’plab o’zbekistonliklar qatori Moskvaga ketishga majbur bo’lgan.
Shahnoza Eshonqulova Rossiyada supuruvchi ekanidan or qilmagan, shunchaki halol luqma topishni istagan. O’zbekistonda oliygohni bitirganidan keyin Toshkentdagi maktablardan birida ishtiyoq bilan dars bera boshlagan edi. Biroz vaqt o’tib, deya iddao qiladi u, maktab direktori o’rinbosari maoshimning uchdan birini berib turmasam, ishdan bo’shatishini, meni ishga olganining bahosi shu ekanini istiholasiz ochiq aytdi.
Uzoq harakatlari va shikoyatlari samara bermagan Shahnoza Moskvaga ish qidirib kelgan millionlab o’zbekistonliklardan biri. U bir yilcha supuruvchi bo’lib ishlab yurdi. Orada omadi chopib ofitsiantlik qila boshladi. Oldingi ishiga nisbatan yaxshiroq topish orzusida yurganida, ko’p o’tmasdan menejer uni xorijlik xo’rrandalar bilan gaplashganlikda ayblab, ishdan haydadi. O’zbekistonliklar har kuni, har qadamda boshdan kechiradigan diskriminatsiya uni ham chetlab o’tmadi.
Shahnoza hozir 34 yoshda. Ayni damda Moskvadagi 24 soatlik do’konlardan birida sotuvchilik qiladi.
Sovuq kunlarda “Amerika Ovozi” bilan muloqot qilarkan, sobiq muallima Rossiyada topayotgan nonidan rozi ekanini aytadi. Shaharning bir chetida, 10 kishi bir xonani bazo’r ijaraga olib, qo’l uchida kun ko’rayotgan yurtdoshlariga qarab, yaxshi yashayotganiga shukur deydi.
24 soatlik smenadan so’ng to’liq bir kun dam olishi shart. Bir smenasiga 37 dollar oladi.
“Ijara, yeb-ichish, egnimdan orttirolsam onamga bir-ikki so’m yuborishim mumkin. Lekin yurish-turishimdan orttirib yig’olmayman. Moskvada topayotganim uy-joy qilishga yetmaydi. Toshkentga qaytib borish boshi berk ko’cha, hammasi tamom degani. Chaqimchilar degan qora-ro’yxatda bo’lsam”, - deydi u.
2017-yildagi hisoblarga ko’ra, Rossiyada 12 millionga yaqin migrant bo’lgan. Xorijda tug’ilgan aholi soni jihatidan Rossiya uchinchi o’rinda.
Ommaviy so’rovlar shundan dalolat beradiki, rossiyaliklarning 70 foizi immigrantlar kamaysin, deydi.
Xitoy, Sharqiy Yevropa va G’arb davlatlaridan kelganlar professional ishlarda ishlaydi. Rossiyaning eng kam ish haqi to’lanadigan ishlarida esa markaziy osiyoliklar, xususan o’zbeklar. Shuning uchun ularga nisbatan kuchli nafrat ko’zga tashlanadi.
Rossiya rasmiylari muhojirlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda o’zbeklarni gumon qilgan hollar ko’p.
“Jinoyatchilik shkalasi tuzilsa O’zbekiston fuqarolari ro’yxat boshida keladi. 2014-yilda o’zbekistonliklar 2522 ta jinoyat sodir etgan. Ikkinchi o’rinda 1745 ta jinoiy ish bilan tojikistonliklar. Qirg’iziston 1269 ta jinoyat bilan uchinchi o’rinda”, - degan edi Moskva bosh prokurori Sergey Kudeneyev “Moskovskiy Komsomolets” gazetasiga bergan intervyusida.
Moskva Axborot-tahliliy markazidan Aleksandr Verxovskiy nazarida bu ma’lumotlar ishonchsiz.
“Mehnat muhojirlari haqidagi har qanday ma’lumot doim ham aniq va to’liq emas. Masalan, politsiya ham hisobot qiladi, har bir jinoyat hujjatlashtiriladi, unda jinoyatchilarning irqi, millati, qayerdanligi sarhisob qilinadi. Biroq ommaga taqdim etishda jinoyatchilar haqida to’liq ma’lumotlar hech qachon oshkor qilinmaydi. Jinoyat sarhisobi, odatda, jinoyatchi yoki jabrlanuvchining etnik kelib chiqishiga qarab emas, jinoyat turiga qarab kategoriyalanadi. Ichki ma’lumotlar umumiylashtirilganda jinoyatchilarning qaysi davlatdan ekani o’chib ketadi”, - deydi u.
2015-yilda qo’yilgan talabga ko’ra, ishlash ruxsatnomasini olish uchun inson immuntanqisligi virusi, tuberkulyoz, narkomaniya, teri kasalliklari bo’yicha tibbiy ko’rikdan o’tish, sog’liq sug’urtasi sotib olish, soliq to’lovchi sifatida identifikatsiya raqamiga ega bo’lish, rus tilida Rossiya tarixi va qonunlari yuzasidan imtihondan o’tish shart.
Mehnat muhojirlari Rossiyaga kirishi bilan bir oy ichida ushbu talablarni qondirmasa, 152 dollar jarimaga tortiladi.
Facebook Forum