Breaking News

AQShdagi xorijiy shifokorlar yordamga tayyor, ammo viza cheklovlari pand bermoqda


AQShdagi ko’plab kasalxonalar koronavirusdan kasallangan odamlar bilan to’lib, qiynalayotgan bir paytda xorijiy tibbiy mutaxassislar yordam berishga tayyor ekanini aytmoqda, biroq AQShning viza cheklovlari bunga imkon bermayotganiga ishora qilmoqda.

“Ishchi vizam bor. Muayyan kasalxonada muayyan sohada ishlashim mumkin, xolos. O’z kasalxonamda ham ishlash joyim cheklangan”, - deydi hindistonlik terapevt Rama Krishna Yalamanchili.

U kabi minglab xorijiy shifokorlar AQShda vaqtincha viza bilan ishlaydi. Shartnomaga ko’ra, Yalamanchili qatorasiga 15 kun ishlab, 10 kun dam olishi mumkin.

“Biz AQShda malaka oshirgan, ammo hozirgi inqirozda yordam berishga ojiz mutaxassislarmiz”, - deydi u.

Vaqtincha viza bilan ishlayotganlar boshqa sohada ishlashi uchun vizasini o’zgartirishi kerak. Biroq vizalar bilan shug’ullanuvchi AQShning Fuqarolik va muhojirlik xizmati epidemiya paytida ishlamayapti.

Immigratsiya masalalari bilan shug’ullanuvchi huquqshunos Greg Siskind xorijiy shifokorlarga nisbatan qoidalar qattiq ekanini aytadi.

“Ularning qayerda ishlashi, necha soat ishlashi, qanday vazifalarni bajarishi – bularning barchasi Davlat departamenti va Tibbiyot sohasidagi xorijiy bitiruvchilar uchun o’quv komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi”, - deydi yurist.

Davlat departamenti AQShda ishlamoqchi bo’lgan xorijdagi shifokorlarga AQSh elchixonasi yoki konsullik xizmatiga murojaat etishni tavsiya qilyapti.

Arizalar alohida ko’rib chiqilishi aytilmoqda. Biroq AQShning o’zida ishlayotgan xorijiy mutaxassislar vizasining muddatini uzaytira olmayotganidan xavotirda.

“Iyun oyigacha viza bilan bog’liq hamma hujjatlarimni tayyorlab qo’yishim kerak, ammo idora hozir ishlamayapti”, - deydi pulmonolog Shantanu Singx.

G’arbiy Virjiniyadagi kasalxonada COVID-19 epidemiyasi bilan olishayotgan bu shifokor hozirgi vaziyatdan hafsalasi pir.

“Viza cheklovlarini bekor qilib, xorijiy shifokorlarga ishlashga ruxsat berishlari yoki ularning hammasini ma’lum kategoriyaga ko’chirishlari zarur, chunki bu mamlakatda shifokorlarga ehtiyoj juda katta”, - deydi Singx.

Fuqarolik va muhojirlik xizmati so’zlovchisining “Amerika Ovozi”ga elektron aloqa orqali ma’lum qilishicha, idora pandemiya kuchayishiga qarab vaqtincha ishchi dasturlariga o’zgartirish kiritishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG