Amerikada o'tayotgan prezident va Kongress uchun saylovlarni chet ellik mutaxassislar kuzatmoqda. 35 davlat a'zoligidagi Amerika davlatlari tashkiloti bu ishga bosh-qosh.
Kosta Rikaning sobiq rahbari Laura Chinchiya 40 ekspertdan iborat delegatsiyaga yetakchilik qilmoqda.
2012-yildagi saylovlarni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) kuzatgan edi. Bu yil ham tashkilot faol. Amerika bo'ylab 600 vakil ish olib bormoqda. Eng mahalliy tizimlardan tortib, saylov kengashi va natija qanday aniqlanishigacha, butun jarayon kuzatuvchilar elagi ostida.
Qo'shma Shtatlarda saylovlarni mahalliy faollar ham yaqindan kuzatib boradi. Oq uyga respublikachi nomzod Donald Tramp tizimga ishonchi pastligini aytganidan keyin masalaga e'tibor oshdi.
Kuzatuvchilar deydiki, Amerika saylov sistemasi mustahkam va tinimsiz tekshiruv ostida. Xatolar juda kam topiladi. Adolatli va demokratik tizim bu, deydi ular.
Amerika davlatlari tashkiloti nazarida AQSh saylov tizimi nihoyatda murakkab, ayniqsa nomzodlarga moliya qayerdan kelishini tushunish qiyin. Texnologiya va omma bilan ishlash yaxshi yo'lga qo'yilgan.
“Dunyoda hech bir sistema a'lo emas. Har bir mamlakatda muammo talay",- deyiladi YXHT bayonotida.
Ovoz berish uchun ro'yxatdan o'tish, ozchilikdagi fuqarolarning hujjatlari va olis joylardagi uchastkalar faoliyati haqida savollar ko'p, deydi chet ellik kuzatuvchilar.
YXHT nazarida ommaviy axborot vositalari asosiy diqqatni nomzodlar va ular shaxsiyatiga qaratib, odamlarni qiynab kelayotgan tub muammolarni chetlab o'tayotgani afsuslanarli hol. 8-noyabrda Senat va Vakillar Palatasi uchun ham saylov o'tadi lekin telekanallarda bu haqda deyarli hech narsa ko'rmaysiz va eshitmaysiz.
Saylov - Amerikada mahalliy masala va har bir shtat bu borada o'z qoidalariga ega. Jarayonni shtat davlat kotibi boshqaradi.