Inson huquqlari bo’yicha nufuzli tashkilot – “Freedom House” (Ozodlik Uyi) hisobotiga ko’ra, sobiq Sovet ittifoqi hududida hamon asosan avtoritar tuzumlar hukmron.
Bu territoriyaning 80 foizi haqida so’z bormoqda. Ayniqsa, Rossiya demokratik qadriyatlardan anchayin chekingan, deyiladi hisobotda.
Korrupsiya, senzura, adolatsiz saylovlar, hukumatga tobe sud tizimi… bu illatlar sobiq Sovet davlatlarida odatiy ko’rinish. “Freedom House” tashkiloti 29 davlatdagi ahvolni o’rgangan. “Demokratiya, erkinlik, tenglik kabi ne’matlar boy berilmoqda”, - deydi idora rasmiysi Kristofer Voker.
“Ittifoq tarqab ketgach, 20 yil o’tdi. Ammo bu davlatlarda avtoritarizm hamon barhayot. Erkin siyosiy fikr paydo bo’ldimi, darhol yanchiladi”, - deydi Ozodlik Uyi xodimi.
O’zbekistonda, 71 yoshli prezident Islom Karimovdan boshqa rahbarni ko’rmagan davlatda ham ahvol shu, deyiladi hujjatda. 19 yillik istiqlol mobaynida demokratiya va huquqiy erkinlik yo’lida ijobiy o’zgarish kuzatilmagan.
Muxolif partiyalar siyosiy maydonga yo’latilmaydi va ular yo’q hisob, huquq faollari va jurnalistlar qo’rquv, bosim ostida.
Qirg’izistonda vaziyat hamon qaltis. Davlat parlament sistemasiga o’tish arafasida.
Qirg’izistonlik olima Erika Marat fikricha, parlament tizimi katta sinov bo’lishi aniq. “Yakshanba kungi referendumda xalq yangi konstitusiyani ma’qullagan. Ammo muammo shundaki, aksariyat fuqaro bosh qomusga emas, tinchlik, stabillik uchun ovoz bergan. Konstitutsiya mazmun-mohiyatini hamma ham bilmaydi”, - deydi Erika Marat.