Breaking News

Fransiyalik musulmonlar saylovda kimga ovoz beradi?


24-aprel kuni Fransiyada prezident saylovining ikkinchi bosqichi o’tkaziladi. Qatorasiga ikkinchi saylov yakuniy bosqichda Emmanuel Makron va Marin Le Pen yuzlashmoqda. O’tgan safar Makron 66 foiz to’plab, qo’li baland keldi. Bu gal ham, ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, amaldagi rahbar g’alaba qozonishi kutilmoqda.

Fransiyada yashovchi 5 milliondan ziyod musulmon jamoat joylarida hijob kiyishni taqiqlashga va’da bergan Le Penning millatchi va islom diniga nisbatan qarashlaridan xavotirda.

Musulmonlar Makronning iqtisodiy siyosatidan qoniqmasa-da, Makronning o’zini ham islom diniga do’st deb bilmasa-da, ikki zolimdan yaxshirog’ini tanlashga majbur ekanini aytadi.

10 yil oldin islom dinini qabul qilgan parijlik Liza Troadekning aytishicha, mamlakatda islomofobiya kuchaymoqda Le Pen g’alaba qozonsa, diniy adovat normaga kiradi, deydi u.

"Hijobga kirganimdan beri jamoat joylarida kundalik ravishda irqchilikka duch kelaman”, - deydi bolalar bog’chasini yurituvchi ayol.

Le Pen hijob kiyishni taqiqlamoqchi bo’lsa-da, yahudiy va boshq a din vakillarining diniy kiyimlariga tegmoqchi emas. U islomiy mafkurani “totalitar” deb atarkan, unga qarshi kurashishini aytib keladi. Makron ham “islomiy bo’lginchilik”ka qarshi ekanini ta’kidlab, fransuzcha dunyoviylikni kuchaytirishga ahd qilgan.

Parijlik yana bir musulmon Shahrizoda Ruybaning aytishicha, Makron saylov kampaniyasi paytidagina musulmonlarga e’tibor beradi.

"Besh yil bizga qarshi bo’lding, endi ovozlarimizga zormisan? Ammo Makronga ovoz berishga majburmiz, chunki Le Pen undan battar”, - deydi Ruyba.

Biroq fransiyalik musulmonlarning hammasi ham Makronga ovoz bermasligi mumkin, Le Penni qo’llab-quvvatlaydiganlari ham bor, ayrimlari umuman saylovga chiqmasligi mumkin.

Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, Makron ikkinchi bosqichda 10 foiz farq bilan g’olib bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG