Fransiya xavfsizlik xizmati ikki kun oldin Parijdagi haftanomaga hujum qilgan ikki shaxs yo'q qilinganini aytmoqda.
"Sharli Ebdo" ("Charlie Hebdo") nashriga bostirib kirib 12 kishini o'ldirganlikda gumon qilingan bu odamlar shahardan 40 kilometr naridagi omborda yashirinib olgan edi. Politsiya inshootga hujum qilib, ularni o'ldirgan. Guvohlar otishma va portlashlarni eshitdik, deydi.
Sal oldin aka-uka Sherif va Said Kuachi shahidlarcha o'lishga tayyor ekanini aytgan. Politsiyaning tasdiqlashicha, ularning qo'lida garovda ushlangan shaxs ozod qilingan.
Dammartin Gele shahridagi inshoot politsiya qurshovida qolayotgan edi. "Sharl de Gol" nomidagi xalqaro aeroportdan uncha uzoq bo'lmagan bu shahar meri odamlarni ko'chaga chiqmaslikka undagan.
Ichki ishlar vaziri Bernard Kazenev hujumchilarni ushlash uchun bor kuchimizni tashladik, deydi. Og'a-ini Kuachilarni 88 mingdan ziyod politsiyachi va xavfsizlik xizmati izladi.
Politsiyaning aytishicha, poytaxtdagi boshqa bir supermarketda ham otishma ro'y berib, odamlar garovga olingan. Xavfsizlik xizmati bu yerda ham maxsus operatsiya o'tkazgani, otishma va portlashlar yangragani aytiladi. Hujumchi yo'q qilinib, garovdagilardan to'rt nafari o'lgan.
Supermarketda odamlarni garovga olgan bu shaxs, 32 yoshli Amedi Kulabali payshanba kuni Parijda politsiyachi ayolni ham otib o'ldirgani xabar qilinadi. Hozir rasmiylar Kulabalining hamrohi Hayot Bumeddinni qidirayapti.
Ofitser ayol payshanba kuni xizmat paytida o'ldirib ketilgan. Har ikki voqea bir-biriga bog'liq ko'rilmoqda.
"Sharli Ebdo" haftanomasiga hamla yuzasidan to'qqiz kishi hozir so'roq qilinayapti. Nashr satira janrida ishlagan, barcha dinlar, jumladan, islomni kulgiga olgan.
Jahon ahli xurujda jon bergan 12 kishini xotirlayapti. O'lganlar orasida ikki politsiyachi bor edi.
Payshanba kuni yuzlab parijliklar ko'chaga chiqib, qo'lda qalam bilan sukut saqladi. Ular shu tariqa so'z va matbuot erkinligiga ishora qilmoqda. Mashhur Eyfel minorasining chiroqlari ham qurbonlar xotirasiga g'ira-shira yonib turdi.
BMT Xavfsizlik Kengashida marhumlar yodi uchun bir daqiqa sukut saqlandi.
Amerika rahbari Barak Obama Fransiyaning Vashingtondagi elchixonasiga ta'ziya yo'llagan. U hujumni qo'rqoqlarning qilmishi, qabihlik, deya ta'riflamoqda.