Fransiyadagi mahalliy saylovlarida musulmon nomzodlar ham qatnashmoqda. Millatchi partiyalar bu mamlakatdagi musulmonlarning asosiy dushmani. Shu sabab musulmon nomzodlar Prezident Emmanuel Makronning hukmron “Olg’a, Respublika!” partiyasidan saylovda qatnashmoqchi bo’ldi.
26 yashar Sora Zemmahi ulardan biri, biroq musulmon ayol janubdagi Monpelye shahar kengashiga saylanmoqchi bo’lganida uning saylov reklamasida hijob kiyib tushgan surati partiya arboblariga yoqmadi. Natijada laboratoriya xodimi Sora Zemmahi va yana uch da’vogar partiya ro’yxatidan chiqarilib, mustaqil nomzod sifatida qatnashishga majbur bo’ldi.
To’rtovlon saylov kampaniyasini “Boshqachamiz, ammo siz uchun birlashdik” degan umumiy shior ostida olib bordi.
Zemmahining hijob kiygan surati saylovoldi reklamada chiqqach, ultra millatchi kuchlar Prezident Makronni Fransiyaning dunyoviy qadriyatlarini himoya qilishga ojizlikda aybladi.
Monpelye tumanida Fransiya mustamlakasi bo’lgan Afrika mamlakatlaridan kelgan musulmon muhojirlar yashaydi. Zemmahi ularni o’ziga ovoz berishga undab, tashviqot ishlarini olib bordi.
“Teng imkoniyatlar uchun va diskriminatsiyaga qarshi kurashaman”, - dedi nomzod.
Biroq fransuzlarning katta qismi hijobga qarshi. Mamlakatda 2004-yildan beri maktablarda hijobda yurish mumkin emas. 2010-yilda qabul qilingan qonun yuzni to’sishni man qiladi. Aprel oyida esa senatorlar jamoat joylarida 18 yoshgacha hijob kiyishni taqiqlab qo’ydi.
Zemmahining saylov kampaniyasi paytida hijobda tushgan surati Makron partiyasini bo’lib qo’ydi. Islom dini Fransiyada katolitsizmdan keyin ikkinchi yirik dinga aylangach, dunyoviy qonunlarni qanday joriy etish bo’yicha munozaralar kuchaydi.
Dunyoviylikni qattiq targ’ib qilayotganlar hijobni islomning siyosiylashishi, fransuzcha o’zlikka qarshilik va uni o’ziga bo’ysundirish ramzi sifatida ko’radi.
Kelasi yil aprelida Fransiyada prezident saylovlari bo’lib o’tadi. Emmanuel Makron qayta saylanishga harakat qiladi. Uning asosiy raqibi millatchilar yetakchisi Marin Le Pen bo’ladi.
Monpelyeda tuman kengashiga saylanishga umid qilayotgan Mahfud Benalining aytishicha, Fransiya o’zgarmoqda.
"Respublika hech kimni hisobdan chiqarmasligi kerak. Men uchun respublikada ayollar erkin bo’ladi, demak ular uchun qaror qabul qilishni bas qilishimiz kerak”, - deydi u.
Zemmahi uchun hijob kiyish qat’iy qoida emas. Masalan, laboratoriyaga kirganida gigiyena maqsadida yechib turadi. U bilan saylovda qatnashayotgan nomzodlarning aytishicha, saylov reklamasidagi surat mahalliy demografiyani aks etishga qaratilgan.
Le Penning “Milliy uyushma” partiyasidagi rahbarlardan biri suratni ko’rib, Makronni dunyoviy qadriyatlardan chekinganlikda aybladi.
"Shumi separatizmga qarshi kurashingiz?” deb yozdi “Twitter”da Jordan Bardella.
“Olg’a, Respublika!” partiyasining bosh kotibi Stanislas Gerini diniy ramzlarni saylov materiallarida ochiq aks etish mumkin emasligini aytib, Zemmahini partiya ro’yxatidan chiqardi.
"Saylov kampaniyasi plakatlarida xoh yahudiylarning kipasida, xoh ko’zga tashlanadigan xoch bilan yoki niqobda suratga tushgan zahoti siyosiy harakatga aloqador bo’lasiz. Nomzodlarimiz va saylangan mutasaddilarimizning barcha fuqarolar nomidan gapirishlarini istardik”, - deydi Makron partiyasi so’zlovchisi Rolan Leskyur.
Fransiya qonunlari saylov varaqalarida hijob yoki boshqa diniy ramzlar bilan suratga tushishni man qilmaydi.
Bo’yoqchi Karim Ameruy Zemmahiga omad tiladi.
"Siyosatchi ayollar, hijobli siyosatchilar ko’payaversin. Men uchun mana shu katta o’zgarish bo’ladi”, - dedi u.
Kelayotgan yakshanba kuni saylovlarning ikkinchi bosqichi bo'lib o'tadi.
Facebook Forum