Fransiyada o’tgan hafta o’ldirilib, boshi tanasidan judo etilgan 47 yashar tarix o’qituvchisi Samuel Pati bu mamlakatning eng oliy mukofoti bo’lmish “Faxriy legion” bilan taqdirlanadi. Bu haqda Fransiya ta’lim vaziri ma’lum qildi.
Patini o’tgan juma Parij tevaragidagi o’zi ishlaydigan maktab yonida chechen millatiga mansub 18 yashar yigit o’ldirgan. Politsiya Abdulloh Anzorovni otib o’ldirdi.
O’qituvchi so’z erkinligiga bag’ishlangan dars paytida Muhammad payg’ambar karikaturalarini o’quvchilarga ko’rsatgani aytiladi. Anzorov voqeani videoga tushirib, Patini shu ishi uchun jazolaganini aytdi.
Besh yil oldin “Sharli Ebdo” satira jurnali ham o’xshash karikaturalarni chop etganida jangarilar hujumiga uchragan edi.
Fransiya Ichki ishlar vazirligiga ko’ra, bu mamlakatga 6 yoshida oilasi bilan ko’chib borgan Anzorov bungacha jinoyatlarda ishtirok etmagan.
Fransiya jamoatchiligi qotillikni qoralab, Fransiya Respublikasi va qadriyatlariga hujum deya ta’rifladi.
Hodisadan oldin o’qituvchining harakatlarini tanqidga olib, “Facebook” orqali jahldor izoh qoldirgan masjid 6 oyga yopilmoqda. Fransiya politsiyasi ekstremistik diniy g’oyalarni targ’ib qilayotgan tarmoqlarni tergov qilishga kirishgan.
Dushanba kuni mamlakatdagi bir necha imom Pati ishlagan maktabga borib, o’z hamdardligini bildirdi, musulmonlarni so’z erkinligini hurmat qilishga chaqirdi.
Parij tevaragidagi bir masjid imomi Hasan Chalg’umi maktab oldida namoz o’qib, so’ng muxbirlar bilan gaplashdi.
“Pati shahid bo’ldi. U dono inson edi. Bag’rikenglik, madaniyat, boshqalarni hurmat qilishga o’rgatardi. Biz Bag’dodda emasmiz”, - dedi Fransiyada o’ta liberal qarashlari bilan tanilgan imom.
Chalg’umi Fransuz imomlari konferensiyasini boshqaradi. U mamlakatdagi masjidlarni o’ldirilgan o’qituvchining ruhiga duo qilishga chaqirdi.
Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanenning aytishicha, ayni paytda internetda adovatni qo’zg’atuvchi 80 ga yaqin sahifalar tergov qilinmoqda, musulmon jamoasiga aloqador salkam 50 ta uyushma yopilishi mumkin.
Facebook Forum