Breaking News

Fransiya, Rossiya terrorchilarga qarshi birga kurashishga kelishdi


Olland va Putin payshanba kuni Moskvada gaplashgan.
Olland va Putin payshanba kuni Moskvada gaplashgan.

Fransiya Prezidenti Fransua Olland Rossiya rahbari Vladimir Putindan "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi birga, kelishib kurashish va'dasini oldi. Olland va Putin payshanba kuni Moskvada gaplashgan.

Fransiya rahbari sal oldin Britaniya, Amerika, Germaniya va Italiya prezidentlari bilan xuddi shu haqda muzokara qilgan edi. Olland shu tariqa terrorchilarga qarshi mustahkam ittifoq tuzishga kirishgan. Biroq Turkiya va Rossiya o'rtasidagi ziddiyat buni qiyinlashtirmoqda.

Olland terrorchilar sivilizatsiyaning umumiy dushmani ekanini eslatdi. Daesh, "Islomiy davlat" kabi nomlar bilan tanish bu to'daning hududi, armiyasi va zaxiralari bor. Katta koalitsiya tuzib, terrorchilarning makonini bombardimon qilaylik, dedi Olland.

Rossiya prezidenti ham yordam va'da qildi. Lekin Suriyada Moskvaning manfaatlari boshqa, NATOga a'zo Turkiyaning manfaatlari boshqa va bu hol Ollandning harakatlariga pand berayapti. Turkiya yaqinda rus jangovar samolyotini urib tushirdi, Putin esa Turkiyani "Islomiy davlat"ni moliyalovchi neft mahsulotini xarid qilayotganlikda aybladi.

Ayrim odamlar bundan millionlab, millardlab dollar daromad qilayapti, deydi Putin.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'anning javobi:

"Putin masalani o'zi yordam berayotgan Suriya rahbari Bashar al-Assad bilan muhokama qilsin. Chunki "Islomiy davlat" jangarilari neftni aynan Assadga sotayapti, pulni ham Assaddan olayapti", - deydi Erdog'an.

Rossiya kecha Turkiya chegarasida faoliyat yuritayotgan suriyalik isyonchi guruhlarni havodan nishonga olib qirib tashlaganini e'lon qildi. Xuddi shu hududda rus jangovar samolyoti urib tushirilgan edi. Rossiyaning havo hujumlari Anqara bilan orani yanada keskin tus oldirishi mumkin, deydi tahlilchi Piter Yeltsov.

"Assadga qarshi kurashayotgan har xil guruhlar bor va ayrimlar turkiy elatlar", - deya eslatadi mutaxassis.

Yeltsovning aytishicha, Olland olg'a surgan har qanday koalitsiya haqiqatda samara berishi uchun avval rahbarlar o'zaro kelishib olishi kerak. Uningcha, Putin fursatdan foydalanib, ayniqsa Parijdagi fojeadan keyin NATO a'zolari orasida nifoq urug'ini sochmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG