Breaking News

Ozodlik uyi: Sobiq ittifoqdagi yetti davlatda diktatura hukmron


Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligining 2014-yildagi yig'inidan, Minsk, Belarus
Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligining 2014-yildagi yig'inidan, Minsk, Belarus

Vashingtonda asoslangan va dunyo bo'ylab erkinlikni targ'ib qiluvchi "Freedom House" (Ozodlik uyi) xalqaro tashkiloti o'zining yangi tahlilnomasida shuni qayd etadiki, hozir sobiq ittifoqdagi 15 davlatdan yettitasida diktatorlar hukmron va ular 10 yil yoki undan oshiq davrdan beri boshqaruvda.

Jahon bozorida neft bahosi tushib ketgan bir paytda avtoritar tuzumlar ostida yashayotgan jamiyatlarda o'ziga xos beqarorlik vujudga kelishi mumkin, deya ogohlantirmoqda "Ozodlik uyi".

Tahlilnomaning bosh mualligi Neyt Shenken ta'kidlashicha, Rossiya, Qozog'iston, Turkmaniston va Ozarbayjon singari davlatlar iqtisodiyoti bugun tang ahvolda, chunki qora oltin daromadi, mahsulot qimmat paytda, hukmron doiralar cho'ntagiga ketgan. Tabiiy boyliklarga asoslangan iqtisodiyot boshida turgan mas'uliyatsiz rahbarlar endi nima qilishni bilmay qoldi. Oshkoralik yetishmasligi hayotni yanada qiyinlashtiradi.

Iqtisodiyoti bu mamlakatga bog'liq Qirg'iziston, Belarus, O'zbekiston va Tojikiston bu yili moliyaviy inqirozga yuz tutsa ajabmas, deyiladi tahlilnomada. Rossiyadagi millionlab ishchi migrantlardan keladigan mablag' bir necha karra qisqargan. Tojikistonda bu pul iqtisodiyotning uchdan bir qismini tashkil etadi, O'zbekistonda yaqingacha chamasi 10 foizini, Qirg'izistonda esa qariyb 20 foizini.

Siyosiy vaziyat ham og'irligicha qolmoqda. Xususan Tojikistonda muxolifat iskanjaga olinib, o'nlab arboblar hibsda va tuzumga nisbatan jinoyatlarda ayblanmoqda. Bu ham jamiyatda davlatdan norozilik hissini kuchaytirgan.

O'zbekistonda esa konstitutsion tuzumga nisbatan tahdid solganlik aybi bilan shu kungacha minglab fuqarolar panjara ortiga tashlangan.

"Ozodlik uyi" tahlilicha, Ukrainada demokratik umidlar kuchli, biroq korrupsiya bu mamlakat oldinga siljishiga yo'l qo'ymayapti.

Tashkilot o'tish davrini boshdan kechirayotgan davlatlardagi vaziyat haqida yillik hisobot chiqaradi. Tanqid qilingan hukumatlar bu tahlilnomani qoralab, ko'p hollarda ularga bevosita munosabat bildirmaydi. G'arb bosimi yoki propagandasi haqida nolishganida, "Ozodlik uyi" misol sifatida keltiriladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG