Dunyo aholisining salkam 75 foizi erkinlik oqsayotgan mamlakatlarda yashaydi. Demokratiya va inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni o’rganuvchi “Ozodlik uyi” tashkiloti o’zining yangi hisobotida bu mamlakatlar qatoriga AQSh va Hindistonni ham qo’shdi.
“Pandemiya mamlakatlarning anchadan beri demokratiyadan og’ish jarayonini yanada yomonlashtirdi. Ko’plab nodemokratik rahbarlar bundan hokimiyatini kuchaytirish uchun foydalanib qoldi”, - deydi tashkilot vakili Eymi Slipovits.
“Ozodlik uyi” 210 mamlakat va hududda aholining siyosiy huquqlar va fuqarolik erkinliklardan foydalanish darajasini baholaydi.
2020-yilda 45 mamlakatda ahvol yomonlashgan. AQSh erkin mamlakat hisoblansa-da, o’tgan yili uch punkt boy berdi, asosan Tramp ma’muriyatining noshaffof siyosati tufayli.
“Bunga davlat rahbarlarini nazorat qiluvchi bosh inspektorlar faoliyatining to’xtatilishi hamda ayrim idoralar ishini paysalga solish sabab bo’ldi. Boshqa bir sabab pandemiyadir. U shaffoflikka hurmatsizlikni namoyish etdi. Federal hukumat hamda ayrim shtatlardagi mahalliy hukumatlar soxta, yo’ldan uruvchi ma’lumot tarqatish bilan shug’ullandi. Ya’ni pandemiyaga doir ma’lumotlarga to’siq qo’yib, masalaga siyosiy tus berdi, odamlarni chalg’itdi”, - deydi Slipovits.
Demokratiyadan chekinish AQSh uchun yangilik emas. So’nggi 10 yilda mamlakat tashkilot jadvalida 11 punkt boy berdi.
Davlat kotibi Entoni Blinken yanvar boshida Kapitoliyga qilingan hujumni eslab, demokratik institutlarni kuchaytirish zarurati haqida gapirdi.
“Amerikaliklar borgan-sari bo’linib qolmoqda. Demokratiyamiz ishlashda davom etishi uchun o’zaro kelishmovchiliklarni yengishga yordam beradigan idoralarimiz esa bosim ostida. Demokratiyamizni kuchaytirish tashqi siyosatdagi vazifalarimizdandir. Aks holda Rossiya va Xitoy kabi dushmanlarimiz va raqiblarimiz bundan foydalanib qoladi”, - dedi Blinken.
“Ozodlik uyi”ga ko’ra, dunyo aholisining salkam 20 foizi erkin mamlakatda yashaydi. Bu 1995-yildan beri eng quyi ko’rsatkich.
Facebook Forum