20 yillik harbiy harakatlardan so’ng AQSh qo’shinlari Afg’onistonni tark etarkan, ayrim qonunchilar Bayden ma’muriyatining mintaqadagi strategiyasini savol ostiga qo’ymoqda.
Yana 4 oydan so’ng afg’on askarlari Amerika harbiylari madadisiz qoladi.
“Afg’onistonda muvaffaqiyat afg’onlar uchun ham, biz uchun ham ahamiyatlidir. Albatta, afg’onlar uchun bizga qaraganda ahamiyatliroq. So’nggi 20 yilda hayotidagi ijobiy o’zgarishlarni ko’rgan afg’onlar ortga qaytishni istamaydi, hozirgi yo’ldan boradi degan umiddaman”, - deydi demokrat senator Tim Keyn.
Amerikaning har ikki partiyadan saylangan prezidentlari AQShning mintaqadagi vazifalarini aniq belgilashga ojizlik qilgan.
Baydenning 11-sentabr xurujlari ketidan Afg’onistonga kiritilgan qo’shinlarni 11-sentabr voqealarining 20 yilligidan oldin chiqarish rejasini respublikachi qonunchilar tanqid bilan qarshiladi.
“Prezident qo’shinlarni chiqarish uchun mamlakatimiz tarixidagi eng dahshatli terror hujumlarining 20 yilligini tanlagani bu siyosiy qarorning taqvimga asoslanganini ko’rsatib turibdi. Qarorni so’nggi 10 yilda Kongressdagi har ikki partiya vakillari ham respublikachi, ham demokrat prezidentlarga bergan tavsiya asosida, ya’ni joydagi sharoitga qarab qabul qilish kerakligi inobatga olinmadi”, - deydi respublikachi senator Jim Inxof.
Mudofaa vazirligi rasmiylarining qonunchilarga aytishicha, Osama bin Laden Afg’onistondan turib xurujlar rejalagan paytdan beri terror tahdidi mohiyati o’zgarishlarga uchragan.
“Xalqaro terrorchi tashkilotlar Yaqin Sharqda, Afrikada, Afrika shimolida harakatlanmoqda. Tahdid mohiyati so’nggi 20 yilda o’zgargan. Afg’onistondan AQSh va ittifoqchilariga tahdid darajasi ancha kamaygan”, - deydi mudofaa vaziri yordamchisi Deyvid Xelvi.
AQShning Afg’onistondagi maxsus elchisi Zalmay Xalilzodning Kongressda aytishicha, Tolibon bilan kelishuv ko’p narsani hal qiladi.
“Tolibon bir-biridan tubdan farq qiluvchi ikki kelajakdan birini tanlashi kerak. Birinchisi, muzokara orqali tinchlikka erishish, zo’ravon isyonchilikdan siyosiy harakatga aylanish, dunyo hamjamiyati hurmat qiladigan mamlakatning bir qismi bo’lish. Biroq ular hokimiyatni qurol bilan tortib olish harakatini davom ettirsa, yolg’izlanadi, mintaqada va xalqaro sahnada qarshilikka, sanksiyalarga uchraydi, afg’on xavfsizlik kuchlariga madadimiz esa davom etadi”, - dedi Xalilzod.
AQSh Tolibon bilan 2020-yil fevralida tinchlik bitimi imzolaganiga qaramay, zo’ravonliklar darajasi susaygani yo’q. Oy boshida Kobul tevaragidagi bir maktabga hujumlarda kamida 90 odam o’lgan va bu ishga Tolibon qo’l urgani aytilmoqda.
Facebook Forum