Breaking News

Ishchilar robotlashtirish jarayoniga moslashishga majbur


Bugungi ish o’rinlarining aksariyati 10 yil oldin bo’lmagan. Yana 10 yildan keyin bugungi mehnat o’rinlarining ayrimlarini robotlarga boy berishimiz mumkin. Mashinalar deyarli har bir sanoatning muhim qismiga aylanar ekan, ishchilar nima qila oladi?

Jenal Chavez odatda erkaklar ko’p uchraydigan sohani o’rganish haqida ko’p o’ylanib o’tirmadi.

“Xarakterimga mos kasb tanlashim kerak edi, qurilish ayni muddao. Yoshligimda ham taq-tuqni yaxshi ko’rardim”, - deydi u.

Lekin Chavez tushunyaptiki, bu sohani ham sekin-asta robotlar egallamoqda.

“Uy qurib beradigan 3D printerini ko’rib, hafsalam pir bo’ldi. Axir qurilish sohasida ish topishim kerak. Endi nima qilaman, deb o’ylanib qoldim”, - deydi Chavez.

Los-Anjeles Kasb-hunar kolleji rahbari Lorens Frank deydiki, yangi kasb-hunar o’rganish ham hozir iqtisodning bir qismi, texnologiyadan orqada qolmaslik uchun doimiy ravishda malaka oshirish lozim. Lekin zehn talab qiladigan ayrim ishlar yo’qolib ketmaydi.

“Qurilishning xizmat ko’rsatish sohasi ham bor. Santexniklar, elektriklar, umuman muammolarni hal qilish ustida ishlaydigan odamlarga, ularning malakasiga doim talab bo’ladi”, - deydi Frank.

Boshqa ko’nikmalar ham ish topishda yordam beradi.

“Odamlarga aloqa qilishni, o’zini tushuntirishni, guruh bo’lib ishlashni o’rgatyapmizmi? Ular ma’lumotni tahlil qilishni biladimi? Bu muhim”, - deydi Jeyn Outs. Uning tashkiloti amerikaliklarni kelajak ish o’rinlariga tayyorlash bilan shug’ullanadi.

Outsning aytishicha, AQShdagi ko’plab maktab va universitetlar talabalarni texnologiya bilan hamqadam bo’lishga o’rgatmayapti.

“Ularga berilayotgan bilimlar eskirgan. Professorlar biznes sohasidan yollanishi kerak. Dasturlash, kod yozish kabi ko’nikmalarni o’rgatishda orqadamiz”.

Amaliyotlar, usta-shogird tizimi qo’l kelishi mumkin.

"21-asrda o’z o’rningizni topish uchun bilim olishdan, o’rganishdan, moslashishdan to’xtamaysiz”, - deydi Outs.

Jenal Chavez kasb-hunar kollejini bitirgandan so’ng bir necha yil ishlamoqchi. Keyin esa muqobil energiya sohasini o’rganish uchun o’qishga qaytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG