Breaking News

"Katta Yigirmalik" rahbarlari Rimda majlis qildi


Dunyoning sanoatlashgan 20 mamlakati rahbarlari Rimda o’tgan sammitda global minimal korporativ soliq, pandemiya asoratlari va iqlim o’zgarishiga qarshi kurash haqida gaplashdi.

"Katta Yigirmalik" rahbarlari Rimda majlis qildi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00

“Muammolarimiz ko’paygani sari ko’p tomonlama hamkorlik ularning eng yaxshi yechimi ekaniga amin bo’lyapmiz”, - dedi Italiya Bosh vaziri Mario Dragi.

“Katta Yigirmalik” rahbarlari joriy oyda 136 mamlakat moliya vazirlari kelishgan global soliqni joriy etish, jumladan yillik daromadi 870 million dollardan ortiq bo’lgan korporatsiyalarga 15 foizlik minimal soliq solish rejasini qo’llab-quvvatladi. Bitim kuchga kirishi uchun har bir a’zo mamlakat uni o’z qonunchiligiga qo’shishi kerak.

“Aminmanki, ushbu bitimni imzolagan AQSh va dunyoning boshqa davlatlari unga tez va vijdonan amal qiladi”, - dedi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti bosh kotibi Matias Korman.

COVID-19ga kelganda, “Katta Yigirmalik”ka a’zo mamlakatlar sog’liqni saqlash va moliya vazirlari bo’lajak pandemiyalarning oldini olish bilan shug’ullanadigan yangi komissiya tuzilgani haqida e’lon qildi.

Sammitdan tashqarida muloqot qilgan Germaniya, Fransiya va Britaniya rahbarlari AQSh prezidenti Jo Baydenning Eron yadro dasturiga doir xalqaro bitimga to’liq qaytish va’dasini olqishladi. AQSh buning uchun Eron ham bitimni jonlantirishi kerak deya shart qo’ygan. Noyabrda bunga doir muzokaralarning boshlanishi kutilmoqda.

"Erondan muzokara stoliga qaytishini kutamiz. Biroq vaqt o’tyapti, Eron esa uranni boyitishda davom etmoqda”, - dedi Angela Merkel.

“Katta Yigirmalik” rahbarlari so’nggi ikki yilda ilk bor ko’rishdi. Biroq Xitoy va Rossiya prezidentlari sammitda virtual ravishda qatnashdi.

"Katta Yigirmalik” qarorlariga qaramay, vaksinalarga muhtoj hamma mamlakatlarda ham ularni olish imkoni yo’q. Bu adolatsiz raqobat, proteksionizm natijasi. Ayrim mamlakatlar, ayniqsa “Katta Yigirmalik” a’zolari vaksinalarni o’zaro tan olishga va sertifikatlashtirishga tayyor emas”, - dedi Vladimir Putin.

Rimda davlat rahbarlari uchrashayotgan bir paytda shahar ko’chalaridan namoyish qilib o’tgan faollar siyosiy arboblarning iqlim o’zgarishiga doir harakatsizligiga norozilik bildirdi.

Bugun Shotlandiyaning Glazgo shahrida 100 dan ortiq davlat rahbarlari ishtirokida iqlim o’zgarishiga doir 12 kunlik anjuman boshlanmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG