Breaking News

Katta Yettilik: Rossiyani jazolaymiz


Katta Yettilik rahbarlari, Gaaga, 24-mart, 2014
Katta Yettilik rahbarlari, Gaaga, 24-mart, 2014

Qrimda Ukraina bayroqlari olib tashlangan, o’rniga Rossiyaniki qadalgan. Banklar grivnadan rublga o’tgan. 30-martdan boshlab, Qrim Moskva vaqti bilan yashay boshlaydi, ya’ni vaqt ikki soat oldinga suriladi.

Gaagada o’tayotgan xalqaro sammitda Qrim asosiy masala. Aslida yadroviy xavfsizlik xususida gap ketishi kerak edi, ammo Rossiyaning Ukrainaga nisbatan harakatlaridan qattiq tashvishda bo’lgan Katta Yettilik bu yig’inda Kremlni yakkalash rejasi tuzdi. Iqtisodiy sanksiyalarga zo'r berishga kelishib olindi.

Gaaga deklaratsiyasi

AQSh, Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya bugun bir yoqadan bosh chiqarib, deklaratsiya qabul qildi. Unda Ukraina suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqilligi yana bir tan olinib, Rossiya xalqaro qonunlarni buzgan ravishda bu davlatfa tegishli mintaqani o'ziniki qilib olganlikda ayblanadi. Qrimda yaqinda o'tgan referendum va uning natijasi asossiz deb qoralanadi. Rossiyaga nisbatan birgalikda jazo choralari qo'llanadi. Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg'armasi bilan hamkorlikda Ukrainaga zarur yordam ko'rsatiladi.

Qrimdagi manzara va qo'shnilar xavotiri

Qrimda Ukraina bayroqlari olib tashlangan, o’rniga Rossiyaniki qadalgan. Banklar grivnadan rublga o’tgan. 30-martdan boshlab, Qrim Moskva vaqti bilan yashay boshlaydi, ya’ni vaqt ikki soat oldinga suriladi.

Siyosiy tahlilchi Ilan Berman deydiki, yarimoroldagi o’zgarishlarni aholining aksariyati olqishlamoqda. Bunga shubha yo’q, deydi u.

“Real olib qaraganda, Qrim demografiyasi va referendum qanday o’tkazilganiga asoslanib, shunday xulosa qilish mumkinki, Qrim ahli o’zini Ukraina xalqi deb hisoblamagan. To’g’ri, o’zgarishlarda Rossiya qo’li bor, ammo Ukrainadan ajralib chiqish, nazarimda, Qrim aholisining irodasi, xohishi”,- deydi Berman.

Qo’rqinchli tomoni, deydi ekspert, endi Ukrainaning boshqa qismlari ham boy berilishi mumkin.

“Qrim bilan to’xtab qolmaydi bu o’zgarishlar. Bu qudratli to’lqin. Aksariyat aholisi rus tilida gaplashgan mintaqalarda ajralib chiqish harakati avj olsa ajabmas. Moldovada, masalan, Pridnestrovye taqdiri yana muhokamaga chiqqan. Rossiya muhimroq rol o’ynasin degan chaqiriqlar yangramoqda. Bu esa Kremlga kuch beradi. Ruslarga madad ko’rsatish kerak deb yangi qarorlar qabul qilinishi mumkin”,- deydi Berman.

Rossiya allaqachon Pridnestrovyeda o’z harbiy kuchlariga ega. Mintaqa Moldovadan 1990-yilda mustaqillik e’lon qilgan. 1992-yilda urushni boshdan kechirgan. Rossiya o’z qo’shinlarini kiritgan va shundan beri hududni tark etmagan.

Moldova prezidenti Nikolay Timofti Yevropa Ittifoqidan yordam so’ragan. Bu davlat blokka kirish maqsadida.

"Mintaqadagi beqarorlikdan xavotirdamiz va shu bois Ruminiya prezidenti Trayan Basesku bilan maslahatlashgan holda Moldova Yevropaning bir qismiga aylanishi uchun harakatlarni kuchaytiramiz”,- deydi Timofti.

AQSh, Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya va Yaponiya 24-25 mart kunlari bu borada ham gaplashib oladi.

AQShning iste’fodagi diplomati, sobiq elchi Kristofer Xill fikricha hozir konkret va aniq qadamlar tashlaydigan payt. Rossiyaga haddidan oshishga yo’l bermaslik kerak, deydi u. Sharqiy Yevropa G’arb qanoti ostiga olinishi lozim.

“Masalan, Makedoniya NATOga qabul qilinishi kerak”, - deydi u.

Siyosiy tahlilchi Ilan Berman nazarida esa Rossiya qarorlari qanday bo’lishi uning iqtisodiga bog’liq. Bunda esa Yevropaning roli katta, ayniqsa Moskvaning eng yirik hamkori Germaniyaning.

"Hozirgi sanksiyalardan uncha foyda yo’q, lekin agar Germaniya qattiqroq chora ko’rsa, bu Rossiyani qaqshatadi. Mabodo Berlin Rossiya bilan savdoni to’xtatmaslikka ahd qilsa, unda Rossiya bilganini qilaveradi”,- deydi Berman.

Ekspertlar Gaagada maslahatlashayotgan Katta Yettilikka yana bir achchiq haqiqatni eslatmoqda: Rossiya bilan til topishish qo'shnilar uchun tabiiy talab, chunki bu bahaybat qo’shni hech qayoqqa ko’chib ketayotgani yo’q.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG