Breaking News

"Katta Yettilik" sammiti o'z nihoyasiga yetdi. Navbat NATO va YI sammitlariga


“Katta Yettilik” guruhiga a’zo mamlakatlar rahbarlarining Britaniyadagi uch kunlik sammiti o’z nihoyasiga yetdi. Bu ular uchun 2019-yildan beri ilk yuzma-yuz uchrashuv bo’ldi.

Xalqaro hayot – 14-iyun, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:56 0:00

Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson uyg’unlik haqida gapirdi.

Sammitda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash haqida kelishuvga erishildi.

"Rahbarlar bir milliard doza vaksina ajratishga kelishdi. KOVAKS (COVAX) tashabbusiga vaksina uchun pul yoki vaksinaning o’zi beriladi”, - dedi Jonson.

Biroq faollar nazarida, bu yetarli chora emas. Ular boy mamlakatlarni vaksinalarni g’amlab olganlikda ayblarkan, Jahon savdo tashkilotida vaksinalardan intellektual mulk huquqlarini olib tashlashni talab qilmoqda.

AQSh va Fransiya prezidentlari patentlarning bekor qilinishi tarafdori, ammo “Katta Yettilik”dagi boshqa rahbarlar bunga qarshi.

"Quruq xayriya orqali bu inqirozdan chiqa olmasligimizni bilamiz. “Katta Yettilik” rahbarlari bir yoqadan bosh chiqarib, patentlardan voz kechishga, vaksina ishlab chiqarish uchun uning retseptini boshqa mamlakatlar bilan baham ko’rishga ahd qiladi deb o’ylagan edik”, - deydi “Oksfam” (Oxfam) gumanitar tashkilot vakili Anna Marriot.

Rahbarlar Xitoy va uning qudrati, majburiy mehnatga moyilligi, xalqaro savdo qoidalaridan bo’yin tovlash odatini muhokama qilib, yakuniy bayonotda Pekinni inson huquqlari va fuqarolik erkinliklarini e’zozlashga chaqirdi.

“Katta Yettilik” past va o’rta daromadli mamlakatlar uchun Xitoyning “Kamar va yo’l” tashabbusiga raqobatbardosh bo’lgan infratuzilmani moliyalash mexanizmini e’lon qildi.

“Dunyodagi mamlakatlar ehtiyojlarini qoplashning ancha adolatli yo’li bor. Biz qadriyatlarga asoslangan, yuqori andozali, shaffof moliya mexanizmini taklif etamiz”, - dedi Jo Bayden.

Xitoy nazarida, bir necha mamlakatdan iborat kichik guruhlarning global qarorlar qabul qiladigan vaqti o’tdi.

2014-yilda Qrimni o’ziga qo’shib olishi ketidan “Katta Sakkizlik”dan haydalgan Rossiyaning ham sammitda xulqi ko’rildi. Guruh Moskvaning kiberhujumlarga va muxolif faollarga qarshi kimyoviy hujumlarga moyilligini tanqid qildi.

“Avtokratlar cheksiz hokimiyatga ega, chunki jamoatchilik oldida hisobot berishga majbur emas”, - dedi Bayden.

Sammitda iqlim o’zgarishi ham muhokama etildi. Rahbarlar rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda yordam tariqasida yiliga 100 milliard dollar ajratishga kelishdi.

Biroq ekologiya faollari bunday va’dalarga shubha bilan qaramoqda.

“Ular iqlim va atrof-muhit uchun nimadir qilayotgandek ko’rsatmoqchi o’zini, ammo yaxshi bilamizki, hech narsa qilishayotgani yo’q”, - deydi ulardan biri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG