Breaking News

Katta Sakkizlik Vashingtonda yig'ilgan, Suriya bosh mavzu


AQSh poytaxti Vashingtonda Katta Sakkizlik guruhiga a’zo davlatlarning tashqi ishlar vazirlari uchrashmoqda. Guruhga AQSh, Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Italiya va Rossiya kiradi.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, ikki kunlik muloqot Katta Sakkizlik e’tiborini talab qiladigan ko’pgina global masalalarni muhokama qilish uchun imkoniyatdir. Kun tartibidagi bosh mavzu – Suriya.

“Bu davlatda zo’ravonlik tinmayotgani tashvishlanarli hol. BMT va Arab Ligasi maxsus vakili Kofi Annan taqdim etgan sulh rejasini tatbiq etish oson bo’lmayapti”, - deydi u.

Katta Sakkizlikka kiruvchi AQSh, Fransiya va Britaniya Suriya prezidenti Bashar al-Assad hokimiyatdan ketishi va demokratik saylovlar o’tkazilishi kerak degan fikrda. O’z navbatida, Rossiya ittifoqchisini qo’llab-quvvatlab, Suriyaga qurol sotishda davom etayapti.

Turkiya-Suriya chegarasi
Turkiya-Suriya chegarasi
Xillari Klinton Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan alohida uchrashib, bu masalada gaplashib olmoqchi. Shuningdek, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Ahmed Dovudo’g’li video ko’prik orqali bog’lanib, qatnashchilarga chegaradagi vaziyatni izohlab berishi kutilmoqda.

Eslatib o’tamiz, Turkiya kelayotgan shanba Eron yadro dasturi bo’yicha navbatdagi muzokaralarga mezbonlik qiladi.

Klinton so’zlariga ko’ra, bahsni diplomatiya orqali hal qilish uchun hali vaqt bor, lekin Eron tezlikda muzokara stoliga qaytishi kerak.

Islomiy respublika yadroviy tadqiqotlardan faqat tibbiyot va energetika sohasida foydalanishini aytib keladi, biroq G’arb bunga ishonmaydi.

Shimoliy Koreya esa orbitaga sun’iy yo’ldosh joylashtirishini aytib, raketa uchirishga tayyorgarlik ko’ryapti.

Klinton bu BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga zid ekanini ta’kidlab o’tdi. Ammo Shimoliy Koreya raketa uchirish rejasidan qaytmoqchi emas.

Katta Sakkizlik majlisida terrorizm, qaroqchilik, oziq-ovqat xavfsizligi hamda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi demokratik o’zgarishlar ham muhokama etiladi. Kelasi oy AQShda sakkiz davlat rahbari yuzma-yuz muloqot qilishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG