Breaking News

G’azoda sulh ketidan yana hujum, o’lganlar bor


G’azoda tez yordam xizmati xodimlarining aytishicha, Isroil qochqinlar lagerini bombardimon qilib, sakkiz yashar qizni o’ldirgan. Yana 30 odam jarohat oldi. Quddusda esa ekskavator mingan falastinlik avtobusni majaqlab, bir odamni o’ldirdi.

G’azo rasmiylarining so’zlariga ko’ra, voqea Isroil vaqtincha sulh e’lon qilganidan bir necha daqiqa o’tib ro’y bergan. Isroil harbiylari bu xabarni tekshirayotganini aytadi.

G’azoning katta qismida kuchga kirgan sulh davomida, deydi Isroil tomoni, falastinliklar insonparvarlik yordamidan foydalanishi, qochqinlar uylariga qaytishi mumkin.

Otishma to’xtashidan sal oldin havo hujumida falastinlik jangchilar sardori, Islomiy jihod guruhi yetakchisi jon bergan edi. Isroil Doniyol Mansurning uyini bombardimon qilgani ma’lum.

O’q uzishlarni bas qilishdan avval Isroil G’azo yoqalab tanklarini joylashtirdi. Sektorni nazorat qiluvchi HAMAS sulh ish berishiga ishonmay, falastinliklarni ehtiyot choralari ko’rishga da’vat etdi.

Bundan oldin sektor janubidagi Rafah shahrida BMT yurituvchi maktab havodan urilgan, natijada kamida 10 odam, jumladan, bolalar halok bo’lgan edi. Isroil rasmiylari maktab yonidagi uch jangarini yo’q qilmoqchi edik, hujum asoratlarini ko’rib chiqayapmiz, deydi. Bugungi sulh Rafahga taalluqli emas, hududda janglar davom etayapti.

Oxirgi 10 kunda BMTning maktablari uch bora o’qqa tutildi. Xalqaro tashkilot bosh kotibi Pan Gi Mun voqeani jinoyatga qiyoslayapti. Davlat departamenti maktablar nishonga olinayotganidan dahshatda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG