Breaking News

Gruziyada rahbar o'zgarishi oldidan Saakashvili loyihasi xavf ostida


Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili Qora dengiz bo’yidagi Anakliya kurortini shu qadar yaxshi ko’radiki, o’lganimdan keyin jasadimni yoqib, kulini shu yerda sovuringlar, deb vasiyat qilgan. Ammo Gruziyada siyosiy muhit o’zgarar ekan, prezident yaxshi ko’rgan bu joy tashlandiq maskanga aylanib qolishi hech gap emas.

Gruziya Anakliya kurorti - Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:09 0:00
Yuklab oling

Bundan ikki yil oldin Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili Anakliyadagi mehmonxonalarni ochganida, bu kurortning Qora dengiz javohiriga aylanishi kutilgan edi.

Gruzin xonandasi Pikria Mamporia “Muhabbatim, Anakliya”, degan qo’shiq ham bastalagan.

Sohilda yarim million odam yashashi kutilgan katta port qurilishi ham boshlangan edi.

Endi esa qurilish ishlari to’xtab qolgan. Yaxtalar uchun mo’ljallangan maskan tashlandiq bir joyga aylandi, tomosha minoralari ham ochilmay qoldi. Saakashvili davrida ajratilgan katta sarmoyalar muzlatib qo’yilgan ko’rinadi.

Bundan ikki yil oldin Saakashvilining o’zi ochgan akva-park bugun dam olish kunlari ham yopiq.

“Anakliyaga cho’milamiz deb kelgandik. Havo bugun biroz sovugani uchun akva-parkka bormoqchi bo’ldik. Lekin yakshanba kuni bo’lishiga qaramay park yopiq. Buni kutmagandik,” – deydi o’zini Sofiya deb tanishtirgan sayyoh.

Ob-havogina emas, balki mamlakatdagi siyosiy muhit ham o’zgargan. O’tgan yil oktabr oyidagi saylovlarda prezident Saakashvili partiyasi mag’lubiyatga uchradi.

Davlatni qariyb 10 yil boshqargan Saakashvili shu yilning oktabrida hokimiyatni yangi rahbarga topshiradi.

Yangi bosh vazir Bidzina Ivanishvili tadbirkor, pragmatik lider.

“Bu soha va hududlarni rivojlantirish biz uchun ustuvor masala, ammo biz bu maqsadda katta mablag’ sarflay olmaymiz. Barcha reja va xarajatlar obdon hisob-kitob qilinishi va professional uslubda bajarilishi kerak, bir odam fikriga asoslanib emas,” – deydi u Anakliya kurortini rivojlantirish haqida gapirar ekan.

Xo’sh, endi bu loyiha eski hukumatning ushalmagan orzusiga aylanadimi?

Qonunchi Giorgiy Vashadze prezident Saakashvilining ona shahridagi port va kurort loyihasi ustida ishlagan.

“Afsuski, hozirgi hukumat eski hukumatga aloqasi bo’lgan barcha loyihalarni yopish niyatida. Menimcha, mamlakat taraqqiyotini o’ylagan hukumatning bunday qilishi notog’ri”, - deydi u.

Anakliya mehmonxonasi direktori Shorena Uchaneishvili esa yangi hukumat kurort uchun mablag’ ajratayotganini aytadi.

“Katta o’zgarish sezmadik. Kelasi yilda qilinadigan ishlar rejasi tuzib bo’lindi. Hozirgi infratuzilma rivojlanishda davom etadi. Mahalliy daryolar tozalanadi, filtrlar o’rnatiladi, plyajlar kengaytiriladi”, - deydi u.

Hozircha esa cho’milish joylari va istirohat bog’lari yopiq ekan, bu yerga qiziqib kelgan sayyohlar faqat quyoshdan bahra olishi mumkin.

Ladislav Holko slovakiyalik turist.

“Bu yerning potensiali juda katta. Lekin joy hozircha bo’m-bo’sh. Odamlarni bu yerga jalb etish eng katta muammo bo’ladi, nazarimda” – deydi u.

Anakliya yangi hukumatning o’gay loyihasiligicha qolar ekan, sayyohlar ham bu yerdan oyog’ini uzishi mumkin.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG