Breaking News

Jorjiyada har ikki demokrat nomzod Senat uchun saylovda g'olib


Jon Ossoff va Rafael Vornok
Jon Ossoff va Rafael Vornok

Jorjiya shtatida AQSh Senati uchun o’tgan saylovning ikkinchi bosqichida demokrat nomzodlar respublikachi raqiblari ustidan g’alaba qozonib, Senatda nazoratni o’z qo’liga oldi. Jorjiyaliklar 5-yanvar kuni ovoz bergan. Ruhoniy Rafael Vornok shu kuniyoq g’olib deb topildi, ammo ikkinchi demokrat nomzod Jon Ossoff va respublikachi senator Deyvid Perdyu o’rtasidagi bellashuv natijasi 6-yanvar kuni ma’lum bo’ldi. Davlat idoralarida oldin ishlamagan 33 yashar teleprodyuser Ossoff 27 ming ovoz farq bilan senator Perdyuni dog’da qoldirdi.

Vakillar palatasida kichik ustunlikka ega demokratlar endi Senatda ham o’z so’zini o’tkazish imkoniga ega bo’ldi. Garchi yuqori palatada har ikki partiyadan teng miqdorda – 50 tadan vakil bo’lsa-da, AQSh qonuniga ko’ra qonun loyihasi bo’yicha ovozlar teng bo’lgan taqdirda Senat raisi vazifasini o’tovchi mamlakat vitse-prezidenti hal qiluvchi ovozga ega.

3-noyabr saylovida Jo Baydenga sherik sifatida g’alaba qozongan bo’lajak vitse-prezident Kamala Harris Demokratik partiya a’zosi bo’lib, Senatda 51-demokrat qonunchi rolini bajaradi.

Bugun AQSh Kongressining qo’shma majlisida qonunchilar prezident saylovlaridan berilgan ovozlarni tasdiqlashi kerak edi, biroq poytaxt Vashingtonda amaldagi rahbar Donald Tramp tarafdorlarining namoyishi tartibsizliklarga aylanib, namoyishchilar Kongress binosiga kirishga muvaffaq bo’ldi. Natijada ovozlarni tasdiqlash jarayoni to’xtatildi.

Tramp saylovda mag’lub bo’lganini tan olishdan bosh tortmoqda, ovozlar soxtalashtirilganini da’vo qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG