Germaniya kanslerining aytishicha, Britaniya Yevropa Ittifoqi tarkibida qolishi kerak. London ittifoqda islohotlar o'tkazilishini, aks holda uni tark etishini aytmoqda. Germaniya qonunchilari oldida so'zlagan Angela Merkel fikricha, Britaniya Bosh vazir Deyvid Kameronning islohotlarga doir takliflari asosli, zarur va Berlin ularni qo'llab-quvvatlaydi.
Yevropa Ittifoqi 28 davlatni o'z ichiga oladi va yagona hudud sifatida ko'riladi. Odamlar bir o'lkadan ikkinchisiga bemalol o'tishi, savdo-sotiqni erkin amalga oshishi mumkin.
"Deyvid Kameronning talablari nafaqat Britaniya, balki boshqa davlatlar manfaatlariga ham xizmat qiladi. Aksariyat talablar asosli, adolatli va inobatga olinishi zarur", - deydi Angela Merkel.
Yevropa Ittifoqining Bryusselda kechayotgan sammitida Britaniya olg'a surgan islohotlar rejasi va qirollikni 28 mamlakat a'zo ittifoqda qoldirish mavzusi muhokama qilinadi.
Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameronning Konservativ partiyasi kelasi 2017-yil oxirigacha referendum o'tkazib, Yevropa Ittifoqida qolish-qolmaslik masalasini xalq hukmiga havola qilmoqchi. Qirollik ittifoqdan chiqib ketishini xohlovchi fuqarolar nazarida bu tuzilma Britaniyani taraqqiyotdan to'xtatib qolyapti.
Ular fikricha, Britaniya o'z chegaralari nazoratini o'zi boshqarishi, chetdan odamlar kirib kelaverishiga yo'l qo'ymasligi kerak. Britaniya Yevropada qolsin deganlar nazarida esa ittifoq qirollikka kuch berayapti va chetdan kelayotgan muhojirlar bu mamlakat iqtisodiyotini jonlantirayapti.