30-noyabr kuni Berlin devorining qulashi nishonlanadi. 30 yil oldin ro’y bergan bu hodisa Sovuq urush yakunlanishi ramzi hamdir. Devor qulashi bilan Ikkinchi jahon urushidan keyin ikkiga bo’linib qolgan Berlin shahri birlashdi, Germaniya Demokratik Respublikasi yoki Sharqiy Germaniya tarqalib, Germaniya Federativ Respublikasiga qo’shildi.
Biroq so'nggi paytda Germaniyada boshqa bir devor o'sib chiqdi - qochqinlar va migrantlarning mamlakatga kirishiga to’sqinlik qilayotgan immigratsiya devori. Germaniyada mavzu siyosiylashgan bo’lib, qattiq bahs-munozaralar ketmoqda.
2015-yilda Germaniya hukumatining ko’chirish dasturi doirasida yuz minglab qochqinlar qabul qilindi. Biroq shundan beri mamlakatdagi ultra o’ng qanot guruhlar kuchayib, immigratsiyaga qarshi chiqmoqda.
“Rukenvind” Berlinda qochqinlarga moslashishga yordam berayotgan yuzlab dasturlardan biri. Yangi kelgan muhojirlar va mahalliy aholi velosipedlarni birgalikda ta’mirlash orqali til topishishmoqda.
“Qochqinlar ko’p pul topmaydi. Shuning uchun velosiped ularga ko’ngilochar mashg’ulot uchun emas, balki ish yoki o’qishga arzonroq borib kelish uchun zarur vositasidir”, - deydi dasturda ko’ngilli sifatida ishlayotgan Grexem Poup.
Kayvan Eronda avtomexanik bo’lib ishlagan. U Germaniyaga yaqinda kelgan.
“Velosipedlar bilan ishlash menga yoqadi. Kelajakda shu ish bilan shug’ullanishim, biror kompaniyaga yoki mustaqil ishlashim mumkin”, - deydi u.
Bir paytlar uzun devor bilan ajratilgan bu shaharda hozir ko’ngillilar va mahalliy guruhlar odam ajratmaydigan Germaniya g’oyasini ilgari surmoqda.
“Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo’lsak, Germaniya siyosiy boshpanaga arizalar soni bo’yicha Yevropada qatorasiga yettinchi yil peshqadam. Qaysidir ma’noda Germaniya hali ham muhojirlarga quchoq ochmoqda. Ammo ularga nisbatan qarshilikni ham ko’rdik 2015-yilda. Aholining bir qismi bu harakat ta’siriga tushdi”, - deydi Germaniya Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Mona Gunnevig.
Immigratsiyaga qarshi partiyalarning so’nggi saylovlardagi g’alabalari ta’siri ostida Kansler Angela Merkel o’z partiyasi bosimiga yon bergan holda ba’zi cheklovlarni joriy etdi.
Migratsiya yuzasidan qizg’in bahs-munozaralar oldin ham Germaniyada kuzatilgan. Masalan, 1960-70-yillarda turk muhojirlari ishchi migrant bo’lib kelganida. Ularning nemis jamiyatiga qorishishi tez bo’lmadi.
“Katta yoshdagi avlod, masalan, otam tengilarning nemis do’stlari yo’q. Yosh avlodning integratsiyalashishi tezroq kechmoqda. Ular ancha nemislashgan. Biz ham turk madaniyatidan, ham nemis madaniyatidan o’zimizga eng yaxshi xislatlarni olib qolish imkoniga egamiz. Nemislarda intizom va vaqt qadrlanadi, turklarda esa muhabbat, baxt tushunchalari”, - deydi berlinlik Mete Kochbey.
Facebook Forum