Germaniya Ichki ishlar vaziri Xorst Sixoferning aytishicha, 2020-yilda mamlakat bo’ylab siyosiy sabablarga ko’ra amalga oshirilgan qotilliklar hamda ultra millatchi guruhlar a’zolari tomonidan sodir etilgan jinoyatlar keskin oshgan.
Raqamlarga murojaat etadigan bo’lsak, o’tgan yili siyosiy sababli jinoyatlar 40 mingdan oshgan bo’lsa, yarmidan ko’piga ashaddiy millatchilar qo’l urgan. Ular 2019-yilga qaraganda 6 foizga ko’p jinoyat sodir etgani aytiladi.
Sababi siyosiy bo’lgan zo’ravon jinoyatlar esa salkam 20 foizga ko’paygan.
"Bu raqamlar xavotir uyg’otmoqda. Pandemiya paytida jamiyatda bo’linish kuchaygan”, - deydi vazir Sixofer.
26-sentabr kuni Germaniyada parlament saylovlari bo’lib o’tadi. Xavfsizlikni ta’minlash saylovoldi mavzulardan biriga aylangan.
Xavfsizlik kuchlari ultra o’ng qanot faollar aholining karantin va lokdaun bo’yicha noroziligidan foydalanib, davlat idoralariga qarshi zo’ravonlikni qo’zg’atishi mumkinligidan xavotirda.
O’tgan yil fevralida irqchi bir odam Xanau shahridagi nargile barida 9 odamni o’ldirgan. Oktabr oyida esa bir suriyalik Drezden shahrida gomoseksual juftlikka pichoq bilan hujum qilib, birini o’ldirgan.
Prokurorlarga ko’ra, taniqli odamlarga tahdid va nafratga to’la maktublar yo’llagan bir odam shu hafta ushlangan. U maktublarni 10 kishining o’limiga aloqador neonatsist bir guruh nomi bilan belgilab chiqqani aytiladi. Berlinda hibsga olingan 53 yashar bu odam uch yil davomida turli darajadagi so’lchi siyosatchilarga ana shunday maktublar yuborgan.
Facebook Forum