Breaking News

“Germaniya jamoatchiligi O’zbekiston, harbiy bazasi bilan nega qiziqmaydi?”


O'zbekiston-Afg'oniston chegarasida, Termiz shahri yaqinida
O'zbekiston-Afg'oniston chegarasida, Termiz shahri yaqinida

Germaniya parlamenti quyi palatasi - Bundestagning bir guruh deputatlari rasmiy Berlinning O’zbekiston bilan munosabatlarini savolga tutdi.

Hukumat esa rasmiy Toshkent bilan rishtalarda avvalo xavfsizlik va Termizdagi harbiy baza muhim, deya javob qildi.

Germaniya O’zbekistonda terrorizm tahdidini yuqori baholar ekan, inson huquqlari bobida mamlakatda ijobiy o’zgarishlar borligi zikr qilinadi. So’z erkinligi va huquq masalasida muloqot davom etmoqda, deyishadi Berlinda.

Hukumat Yashillar partiyasidan tushgan so’rov asosida O’zbekiston bilan munosabatlarga izoh bergan. Bu savollar va izohlarni Uznews.net sayti nemischadan rus tiliga o’girib chop etgan.

Jurnalist Galima Buxarbayeva
Jurnalist Galima Buxarbayeva
Sayt bosh muharriri Galima Buxarbayevaning aytishicha, Bundestagda bu munozara yuzaga chiqishi nemis jamoatchiligida O’zbekiston bilan aloqalarga qiziqish paydo bo’lganidan darak bermaydi. Termiz bazasidan foydalanish Germaniya fuqarolari diqqatida emas.

“Men bu masala muhokamasini nemis jurnalistlariga taklif qildim, lekin bu jamoatchilikni qiziqtirmaydi degan javob oldim. Nemis askarlariga qo’nalg’a bo’layotgan baza joylashgan mamlakatdagi vaziyat nega qiziqtirmasligi esa menga tushunarsiz. Hukumatdan O’zbekiston bilan munosabatlar bo’yicha izoh talab qilish Yashillar partiyasining Markaziy Osiyodagi, mamlakatdagi vaziyatdan xabardor deputatlarining shaxsiy tashabbusi. Ular orasida O’zbekistondagi inson huquqlariga oid chiqishlari bilan tanilgan Vilola fon Kramon, Folker Bek va boshqalar bor”, - deydi Buxarbayeva.

Uning so’zlariga ko’ra, hukumat javobi muxolifatning keskin savollarini yumshatish, Termiz bazasi tufayli O’zbekiston bilan hamkorlikni oqlashdek taassurot qoldiradi.

“Nemis hukumati “ha, O’zbekistonda muammolar bor, lekin hamkorlik qilish uchun boshqa muqobil variantlar yo’q” demoqchi. Shuning uchun ular O’zbekiston qo’yayotgan shartlarga ko’nishga majbur”, - deydi jurnalist.

Dunyodagi “eng repressiv rejimlardan biri” bilan munosabatda qanday me’yorlarga amal qilinayapti, deya izoh so’ramoqda qonunchilar. O’zbekiston barcha ko’rsatkichlar bo'yicha hamkorlik va yordam tavsiya qilinmaydigan davlatlar sirasiga kirishiga qaramasdan, nega iqtisodiy yordam davom etmoqda?

“Markaziy joylashuvi, Afg’oniston bilan qo’shniligi, shuningdek, Markaziy Osiyoda eng ko’p aholiga egaligi bilan O’zbekiston mintaqa barqarorligida muhim ahamiyat kasb etadi”, - deya izohlaydi hukumat.

Germaniya askarlari Afg'onistonga yo'l olishdan oldin Termizda
Germaniya askarlari Afg'onistonga yo'l olishdan oldin Termizda
Rahbariyat O’zbekistonda inson huquqlariga oid vaziyat qoniqarsiz qolayotganini ta’kidlash bilan birga, so’nggi yillarda ijobiy o’zgarishlar kuzatilganini qayd etgan: o’lim jazosi bekor qilinib, Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi qamoqxonalarga kiritilgani shular jumlasidan.

Deputatlar esa Andijon voqealari bo’yicha mustaqil tergov talabi unutilganini eslasa, hukumat O’zbekiston bilan muloqot davom etayotganini ta’kidlaydi.

Jumladan, qiynoqlar masalasida Yevropa Ittifoqi-O’zbekiston muloqotida BMT ma’ruzachisining O’zbekistonga safarini uyushtirishga harakat qilingan. O’zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati nazoratidagi qamoqxonalarga Qizil Xoch qo’mitasi kirishiga ruxsat so’ralgan. Biroq bu talablarni O’zbekiston rad etgan ko’rinadi.

Galima Buxabrbayeva so’zlariga ko’ra, Germaniya tashabbusida boshlangan Yevropa Ittifoqi-O’zbekiston muloqoti Toshkentni sanksiyalardan ozod etish bilan ko’zga tashlandi, xolos.

Nemis deputatlari harbiy baza masalasida nega aynan O’zbekiston bilan hamkorlik tanlangani, nima sababdan shartnoma tafsilotlari sir tutilayotgani bilan qiziqadi.

Hukumat izohiga ko’ra, Termizdagi harbiy bazaga muqobil variant yo’q. Shartnoma tafsilotlari esa O’zbekiston tomoni talabiga muvofiq sir tutilmoqda.

Termiz
Termiz
Hisobotga ko’ra, Termiz harbiy bazasidan foydalanish shartnomasi 2010-yilda ikki tomonlama kelishuvga ko’ra uzaytirilgan, so’nggi oylarda esa NATO ham O’zbekiston bilan shu masalada muzokaralar yuritgan, bitim alyansning Chikagodagi sammitida imzolanishi kutilgan edi.

Hukumatning javobi NATO sammitidan bir oz avval chop etilgan. Mazkur sammitda Islom Karimov qatnashishi kutilgan edi, keyinchalik reja bekor qilingan. Ayni paytda O’zbekiston va NATO o’rtasida shartnoma imzolanganmi-yo’qmi, noma’lum.

Jangarilarning O’zbekistonda emasligi, bu tahdid bo’rttirilgani, Toshkent shu bahonada inson huquqlarini toptayotgani, huquq faollariga tazyiqlar ko’rsatayotgani kabi savollarga Germaniya hukumati jangarilar O’zbekiston olib borgan kurash tufayli mamlakatdan siqib chiqarildi, fursat tug’ilsa, davlatda xurujlar kuchayadi, deya javob qiladi.

Deputatlar guruhining bildirishicha, hukumat O’zbekiston rejimi bilan munosabatda kalta o’ylamoqda, “arab bahori” bu siyosatning noto’g’riligini ko’rsatgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG