Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani Hindistonga tashrif buyurmoqda. Urush domiga tortilgan mamlakat rahbari ikki raqib qo'shni davlat - Pokiston va Hindistonni Afg'onistonga yordam qo'lini cho'zishda o'zaro hamkorlik qilishga undab keladi. Tashrif davomida ham shu masala ko'tarilishi kutilmoqda.
Hindiston Afg'oniston bilan sobiq Prezident Hamid Karzay davrida ancha iliq aloqani yo'lga qo'ygan edi. Afg'onistonning yangi rahbari Pekin va Islomobodga qilgan tashrifi ortidan Dehliga kelib, ana shu munosabatlarni yanada mustahkamlashni maqsad qilgan.
Ayrim tahlilchilar nazarida, Hindiston sobiq ma'muriyat davrida tuzilgan harbiy shartnomalar bo'yicha kerakli qurol-aslahani vaqtida yetkazib bermagani uchun Kobulni norozi qilgan.
Afg'onistonning yangi rahbariyati bu iltimoslarini hozir qaytarib olgani aytiladi. Prezident G'ani, shuningdek, Pokiston bilan yaqinlashish bo'yicha katta qadamlarni tashladi. Bu esa Dehli Afg'onistonga ta'sirini yo'qotadi, degan xavotirlarni yuzaga chiqardi.
Dehlidagi Kuzatish tadqiqot jamg'armasi tahlilchisi Manoj Joshiga ko'ra, shunday bo'lishi shubhasiz. Chunki Tolibon bilan muzokara o'tkazishda Afg'oniston Pokiston yordamiga muhtoj bo'ladi, deydi u.
"Joylashuv nuqtai nazaridan Hindiston imkoniyatlari cheklangan. Ikkinchidan, hozirgi voqelik shuki, AQSh kabi davlatlar Pokistonni muloqotlarda faolroq bo'lishga undamoqda. Shuning uchun Hindiston biroz ortga chekingandek. Ammo Hindistonning roli har doim cheklangan edi", - deydi tahlilchi.
Ammo Hindistonning mintaqada mavqei pasaymoqda, degan xavotirlar ortiqcha bo'rttirilgan, deb hisoblovchilar ham ko'p. Ularga ko'ra, Afg'onistonni qayta qurishda Dehlining roli hanuz katta.
O'tgan 15 yil ichida Hindiston bu o'lkada yo'llar, maktablar, transport tarmoqlari tizimi va hatto parlament binosini qurish uchun 2 milliard dollar sarfladi.
Nyu-Dehlidagi Mudofaa tadqiqotlari va tahlili instituti eksperti Sux Deo Munining aytishicha, Hindistonning salmoqli ta'siri saqlanib qoladi.
"Taraqqiyot loyihalarida Hindistonning o'rni muhim. Afg'oniston mutaxassislarini tayyorgarlikdan o'tkazish va boshqa turli yo'llar bilan yordam ko'rsatish orqali davlat hokimiyatini mustahkamlashda ishtiroki katta", - deydi u.
Dehli, shuningdek, afg'on mudofaa kuchlarini tayyorgarlikdan o'tkazishda ham faol qatnashishi mumkin.
Tomonlar savdo munosabatlarini kuchaytirishga ham alohida e'tibor qaratishi kutilyapti. Hindiston Islomobod va Kobul o'rtasida tuzilgan ikki tomonlama savdo bitimiga qo'shilish niyatida ekanini ma'lum qilgan. Agar amalga oshsa, bu kelishuv Hindistonni Pokiston orqali Afg'onistonga bog'laydi. Ammo Islomobod bilan sovuq munosabatlar loyiha yo'liga to'g'onoq bo'lishi mumkin.
Hindiston, shuningdek, janubi-sharqiy Eronda Chabahar portini qurish bo'yicha Tehron bilan kelishuvga erishishi kutilyapti. Bu loyiha ham Eron orqali to'rt tomonlama quruqlik bilan o'ralgan Afg'oniston va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish imkonini beradi.
Janubiy Osiyo xalqlarining sevimli sport o'yini - kriket ham muloqotlarda ko'tarilishi mumkin. Afg'oniston rahbari Kobulda xalqaro musobaqalarni o'tkazish salohiyatiga ega sport arenasini qurishda Hindistondan yordam so'ramoqchi. Afg'onistonda ham kriket milliy sport turi darajasiga ko'tarilgan.