Terroristlarning tahdidiga qaramay Afg'onistonning Nangarhor singari beqaror viloyatlarida maktabga borayotgan qizlar soni oshib bormoqda.
“O'tgan yili o'rta maktabni bitirgan 14 ming yosh afg'ondan 3000 nafari qizlar edi, bu yili esa 18 ming bitiruvchidan 4000 nafari",- deydi Muhammad Asif, viloyat ta'lim boshqarmasi xodimi.
Viloyatda jami 820 ming o'quvchi va talaba bor. Ularning 45 foizi qizlardir.
Afg'onistonning bu qismida Tolibon davrida, 1996-2001 yillarda qizlar umuman maktabga bormagan, ayollarning ishlashi va hatto ko'chaga chiqishi man etilgan edi.
Bugun millionlab qizlar maktab, texnikum va oliygohlarda hamda ishda.
Qishloq joylarda qizlarning ilm olishi hamon og'ir masala, deydi Prezident Ashraf G'anining bu masala yuzasidan maslahatchisi Malalay Shinvoriy.
Bir tomondan vaziyat xavfli. Ikkinchi tomondan esa oilalar qizlarni o'qitishdan foyda yo'q, deb hisoblaydi. Madaniy, ijtimoiy va siyosiy to'siqlar talay.
“Katta-katta hududlarda maktablar yo'q. Qizlar o'g'il bolalar singari uyda bilim olishga majbur. Bolasini o'qitishga esa har bir ota-onaning ham qurbi yetavermaydi", - deydi Shinvoriy.
“Bolasini uzoq joylardagi maktabga yuborishni istashmaydi, ayniqsa qizlarni", - deydi Harun Rashid Sherzod, mahalliy faollardan biri.
Buning ustiga maktablarni terroristlar bosib olib, ulardan qo'rg'on sifatida foydalanishadi. Hatto hukumat kuchlari ham ilm maskanlarini harbiy maqsadlarda qo'llaydi. Davlat esa buning oldini ololmaydi. Bu sharmandalik, deydi Sherzod.
Yana bir muammo - ayol o'qituvchilar oz. Nangarhor viloyatidagi 15 ming muallimdan atigi 1400 nafari xotin-qizlardir. Ota-onalar qizlari faqat ayol qo'lida o'qishini xohlaydi. Bunday yondashuvni o'zgartirish uzoq vaqt va mehnat talab qiladi.
Nangarhor viloyatida "Islomiy davlat" terror guruhi ancha oyoqqa turib olgan va rivojlanishning beliga tepmoqda, deydi prezident maslahatchisi Malalay Shinvoriy.
Hukumat oldida xavfsizlikni ta'minlash, jamiyatda islohotlar qilish, ota-onalar bilan ishlash hamda ta'lim tizimini taraqqiy ettirishdek murakkab vazifalar turibdi.