Prezident Tramp global miqyosdagi tibbiy izlanishlar uchun xarajatlarni keskin qisqartirishi mumkin. Bu bezgak, SPID va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi kurashni paysalga solishi aytilmoqda. Prezidentning bu tashabbusi Kongressdan o’tmasligi mumkin, ammo faollar baribir tashvishda.
Ebola virusining epidemiyasi 2014-yilda tarqalganida AQSh Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish markazi direktori Tom Friden va uning xodimlari G’arbiy Afrikaga yo’l olib, yordam ko’rsatgan edi. Milliy salomatlik institutlari moliyalagan va qo’llab-quvvatlagan tadqiqotlar natijasida farmatsevtika kompaniyalari vaksina ishlab chiqdi.
Bu institutlar SPID va bezgakka qarshi kurashda ham muhim rol o’ynagan. 2005-yildan beri SPID qurbonlari soni 50 foizga qisqardi, tadqiqotchilar bezgakka qarshi vaksinani yaratishga yaqin turibdi.
Prezident Trampning 2018-yilga taklif etayotgan davlat byudjetida Milliy salomatlik institutlari va Yuqumli kasalliklarni nazorat qilish markaziga ajratilayotgan pulni anchaga qisqartirish so’ralgan.
"Agar byudjet shu ko’rinishida qabul qilinsa, tibbiy dasturlar jiddiy zarar ko’radi".
"Miliy tibbiyot akademiyasi hisobiga ko’ra, bitta epidemiya xavfi bilan shug’ullanish uchun 60 milliard dollar pul kerak. Kelajakdagi tibbiy tahdidlarning oldini olish yoki ta’sirini kamaytirishga doir izlanishlar esa yiliga bir milliard dollarga tushadi".
AQSh hukumati moliyalagan izlanishlar natijasida hozircha faqat bolalar uchun bezgakdan davo topilgan. Natijada 750 ming bola hayotda qoldi. Ancha arzonga tushgan meningitdan vaksina esa salkam 400 ming odamni o’limdan saqladi.
“Johnson & Jonhson” kabi yirik farmatsevtika kompaniyalari tibbiy izlanishlarda hukumat yordamiga muhtojligini aytadi.
"Yolg’iz o’zimiz bu ishni eplay olmaymiz".
Global salomatlik bilan shug’ullanuvchi kompaniyalar va tadqiqotchilar hamda AQSh Kongressidagi ayrim respublikachi qonunchilar byudjet loyihasidagi qisqartirishlarga qarshi.
"Trampning barcha takliflari inobatga olinmasa-da, ba’zilari o’tib qolishi mumkin".
Agar byudjetdagi qisqartirishlar davom etsa, AQSh tibbiy izlanish bobida dunyodagi mavqeini boy berib, jahon hamjamiyati yuqumli kasalliklar epidemiyasi bilan yuzlashishi mumkin, deydi ekspertlar. Bu esa Amerika va boshqa mamlakatlarni bioterrorizm xavfi oldida zaiflashtirishi mumkin.
"Har qanday kasallikka qarshi chora ko’rish salohiyatimizni saqlab qolishimiz kerak. Xoh bioterroristik hujum bo’lsin, xoh ebola kabi tabiiy viruslar epidemiyasi bo’lsin, tayyor turishimiz zarur".
Tibbiy izlanishlar ish o’rinlarining yaratilishiga ham olib kelishini untumaslik kerak.
"AQSh hukumati sarmoyalari yordamida o’tkazilayotgan tadqiqotlar natijasida dunyo bo’ylab millionlab odamlarning hayoti saqlab qolinibgina qolmay, Amerikada mutaxassislar ishli ham bo’lmoqda, Amerika iqtisodiyoti va tibbiy xavfsizligiga ham foyda".
Sog’liqni saqlash vaziri Tom Praysning aytishicha, qisqartirishlarning dasturlarga aloqasi yo’q, asosiy maqsad – ma’muriy xarajatlarni tushirish.
"Sarflayotgan pulimizning kattaroq foyda keltirishi uchun ba’zi narsalarga e’tiborliroq bo’lishimiz kerak”.
Qonunchilar sentabr oyida yozgi ta’tildan qaytganidan so’ng masalani yana muhokama qilishi kutilmoqda.
Facebook Forum