AQSh razvedka idoralari rahbarlari global tahdid haqida qonunchilarga hisobot berdi. Unda aytilishicha, Xitoyning koronavirus tarqalishini to’xtatishga ojizligi va AQSh bilan tobora kuchayayotgan raqobati ana shunday tahdidlar qatorida ko’rilmoqda.
“Biz uzoq yillik va yangi tahdidlarning keng doirasi bilan yuzlashyapmiz va ularning kesishi kaskadli inqirozlar ehtimolini oshiradi. Bizning borgan-sari o’zaro bog’liq va harakatchan dunyomiz ulkan imkoniyatlar taklif etish bilan birga muammolarimizni ham kuchaytirmoqda”, - deydi AQSh Milliy razvedka xizmati rahbari Avril Xeyns.
Amerikadagi 18 ta razvedka idorasining yillik xulosasiga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Rossiya, Shimoliy Koreya va Eron tahdidlari bilan yuzlashmoqda.
“Tahdidlarni baholashda turli darajadagi muammolar hisobga olinadi, ammo men alohida tilga olmoqchi bo’lgan masalalar – kiberxavfsizlik, saylov tizimi xavfsizligi, mahalliy zo’ravon ekstremizmning kuchayishi va tabiiyki, Xitoyning va, xususan Xitoy Kommunistik partiyasining kuchayishi”, - dedi demokrat senator Mark Uorner.
Dunyoga ta’sirini o’tkazish masalasida Xitoy vaksina diplomatiyasi yordamida Amerika bilan bevosita raqobatlashmoqda.
“Xitoy turli sohalarda Amerika bilan raqobatlashib, tobora teng raqobatchiga aylanib bormoqda, o’z avtoritar tizimiga moyil tarzda global me’yorlarni o’zgartirishga zo’r bermoqda”, - deydi Amerikaning bosh razvedkachisi.
AQShning “SolarWinds” axborot texnologiyasi kompaniyasiga qarshi uyushtirilgan yirik kiberxuruj ketidan AQSh qonunchilari kiberxavfsizlikka jiddiy e’tibor qaratishga da’vat etmoqda.
“SolarWinds” xuruji Amerika infratuzilmasini buzish qanchalik oson ekanini ko’rsatmoqda. Dushmanlarimiz elektr tarmog’i yoki suv ta’minoti tizimi ketidan josuslik qilish bilan cheklanmasdan bu kabi xurujlarga ham qo’l uradigan bo’lsa, zarar ko’lami qanchalik bo’lishini tasavvur qilish qiyin emas”, - dedi respublikachi senator Marko Rubio.
Saylov tizimi xavfsizligi ham o’tgan yilgi AQSh saylovlari ketidan Rossiya bilan ziddiyatli masala.
“Rossiya sobiq prezident nomzodini qo’llab-quvvatlab, hozirgi prezidentni qulatish uchun 2020-yilda murakkab dezinformatsiya kampaniyasini olib bordi. Bunday dushmanona aralashuvga yana bir bor qo’l urish bu ish ortida turganlarga qimmatga tushishini aniq bildirib o’tishimiz kerak”, - deydi senator Uorner.
Qonunchilar uchun o’tkazilgan ushbu brifing o’tgan yili koronavirus pandemiyasi sabab qoldirilgan edi.
Facebook Forum