Breaking News

Sobiq SSSR rahbari fikricha Rossiya va G’arb konstruktiv aloqa qilishi kerak


Mixail Gorbachyov
Mixail Gorbachyov

Sobiq SSSR rahbari Mixail Gorbachyov G’arb mamlakatlarini Rossiyani yakkalatish siyosati va sanksiyalarga chek qo’yishga chaqirdi. Uning maqolasi “Rossiyskaya Gazeta” nashrida chop etildi.

85 yoshli arbobning yozishicha, Rossiya xalqaro siyosatda muhim va ijobiy rol o’ynaydi hamda dunyoda ikkinchi darajali rolga rozi bo’lmaydi.

“G’arb Rossiyani yakkalashga qaratilgan harakatlaridan voz kechishi zarur. Bunday yondashuv hech qachon natija bermagan. Xususiy shaxslar va kompaniyalarga qo’yilgan sanksiyalardan ham foyda bo’lmaydi. Ularni bekor qilish kerak. Aks holda o’rtada muloqot yoki ishonchni tiklashga imkoniyat bo’lmaydi”, - deyiladi maqolada.

G’arb va Rossiya aloqalari 2014-yilda Qrim Rossiyaga qo’shib olingach eng quyi nuqtaga tushdi. AQSh va Yevropa Ittifoqi Kremlni, shuningdek, Ukraina sharqida bo’lginchilarni qo’llab-quvvatlayotganlikda ham ayblab keladi.

Gorbachyov nazarida AQSh va Rossiyaning Suriya mojarosiga yechim topish yo’lidagi hamkorligi ziddiyatlarni yumshatishda xizmat qilishi mumkin.

“Agar hamkorlik davom etsa, uni aloqalarning boshqa jabhalarida ham qo’llash lozim. Biroq bu uzoq va mashaqqatli jarayondir”, deb yozadi arbob.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG