Gretsiyada o'tgan parlament saylovlarida radikal so'lchi "Siriza" partiyasi g'alabaga erishib, uning 40 yashar yetakchisi Aleksis Tsipras yangi bosh vazir bo'ldi. Bugun u qasamyod keltirdi.
Tsipras so'nggi 150 yilda mamlakatning eng yosh bosh vaziri bo'ldi. U Gretsiyaga xalqaro moliyaviy tashkilotlar tomonidan qo'yilgan keskin talablardan voz kechishga va'da berdi. Bu esa Gretsiya Yevropa Ittifoqi va xalqaro kreditorlar bilan hali jiqqalashishi kutilmoqda degani.
"So'nggi bir yilda Gretsiyada moliyaviy inqirozni tugatish maqsadida unga qattiq talablar qo'yib, uning ustidan tajriba o'tkazmoqchi bo'lishdi. Ammo bu katta xato bo'ldi", - dedi Aleksis Tsipras.
Parlamentda 149 o'rinni egallagan "Siriza"ga mutlaq ko'pchilik uchun atigi ikki ovoz yetishmadi. Partiya endi koalitsion hukumat tuzishga majbur.
Tahlilchilar nazarida "Siriza"ning g'alabasi Yepropadagi boshqa radikal partiyalarni ruhlantirib yuborishi mumkin.
Tsipras Gretsiyaga Yevropa Ittifoqi, Yevropa markaziy banki, Xalqaro valyuta jamg'armasi tomonidan va'da qilingan salkam 300 milliard dollarlik kredit shartlarining yumshatilishini so'rab, muzokara qilmoqchi; nafaqa va maoshlarni tiklamoqchi.
"Bizga boshqa qarz kerakmas. Shu kungacha berilgan kreditlarni qaytarib, Gretsiya iqtisodini ko'tarishni o'ylashimiz kerak. Pulning bir qismi g'oyib bo'ldi, afsus", - deydi yangi bosh vazir.
Tsipras Gretsiya qarzining bir qismidan o'tishni so'ramoqchi. Biroq moliya tashkilotlari bunga rozi emas.
"Gretsiya kredit shartlarini bajarmasa, yevrozonada qolishi dargumon", - deydi Niderlandiya Moliya vaziri Yerum Deyselblum.