Breaking News

Greta Tunberg - "Yil insoni"


Greta Tunberg
Greta Tunberg

Har yili “Yil insoni”ni e’lon qilib boruvchi AQShning “Time” jurnali bu safar 16 yashar shvetsiyalik atrof-muhit muhofazachisi Greta Tunbergni bunday unvon bilan sharafladi. Ekologlar va iqlim o’zgarishi haqida bong uruvchi faollar jurnal qarorini olqishladi.

Yosh faol davlat rahbarlari va yirik sanoatchilarni iqlim o’zgarishi mavzusida dadil bo’lishga chaqirib nom qozondi. Uning harakatlari turli mamlakatlar yoshlarini sayyorani muhofaza qilishga ruhlantirdi.

O’tgan oy Greta Tunberg AQShga Atlantika okeani orqali o’tib, ma’ruzalar qildi, BMTning iqlim o’zgarishiga doir anjumanida qatnashdi. So’ng yana okean orqali Yevropaga qaytdi. Greta havoda uchishni atrof-muhitga zarar deb biladi. U Madridda ham BMT anjumanida ishtirok etib, siyosiy va ishbilarmon doiralar yetakchilarini iqlim o’zgarishiga jiddiy e’tibor qaratmayotganlikda aybladi.

“Favqulodda vaziyatda odamning harakati o’zgaradi. Agar mashinalarga gavjum yo’l o’rtasida yosh bolani ko’rib qolsangiz, beparvo bo’lmaysiz, chunki bunday qilishga uyalasiz. Yugurib borib, bolani qutqarishga harakat qilasiz. Nahotki odamlar dunyo favqulodda holatga yuz tutayotganini ko’rmasa?” – deydi o’smir faol.

O’zingizni harakat qilayotganlikka solish harakatsizlikdan yomon, deydi u.

“Siyosatchilar va yirik kompaniya rahbarlari bu borada nimadir qilayotganini ko’rsatmoqchi bo’ladi, ammo aslida hech narsa qilgani yo’q. Asl xavf mana shunda. Shunchaki aqlli hisob-kitob va ijodiy piardan boshqa narsani ko’rmayapmiz”, - deydi Tunberg.

Uning tarafdorlari Greta “Yil insoni” unvoniga loyiqligini aytadi.

“U hammaning diqqatini o’ziga qaratadi. Ammo yulduzlar kabi emas. U yulduz emas, faol, juda ham yaxshi faol”, - deydi ulardan biri.

Greta Tunberg 2018-yilda mashhur bo’ldi. U maktabdagi darslarini qoldirib, Shvetsiya parlamenti oldida yolg’iz o’zi namoyish qilar edi. Tez orada u jahon hamjamiyati e’tiborini qozondi, uning iqlim o’zgarishi haqidagi otashin chiqishlari yoshlarni ruhlantirib, unga taqlid qila boshlashdi, ergashishdi, yosh atrof-muhofazachilari soni o’sdi.

Biroq hamma ham uni jiddiy qabul qilmayapti. Iqlim o’zgarishini inson faoliyati natijasi sifatida tan olmaydigan AQSh Prezidenti Donald Tramp uni shunchaki “juda ham baxtiyor qizaloq” deb atadi. Greta Amazon o’rmonlarida tub hindu aholiga qarshi zo’ravonliklarni qoralaganidan so’ng Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaru uni “mishiqi” deb haqoratladi. AQSh telekanalida qatnashgan bir mehmon esa uni ruhan kasal deb atadi.

Trampning to’ng’ich o’g’li kichik Donald Tramp “Time” jurnalini “Yil insoni” unvonini Gonkongdagi namoyishchilarga emas, Greta Tunbergga berganini tanqid qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG