Breaking News

Amerikada qurol savdosi nazorati tarafdorlari ko'paymoqda


Amerikada o'tkazilgan so'nggi ommaviy so'rov natijalaridan ma'lum bo'lishicha, mamlakatda qurolga egalik qilish qonunlarini kuchaytirish tarafdorlari ko'paymoqda.

So'ralganlarning aksariyati avtomatik hamda 10 dan ortiq o'q tashuvchi o'qdondan iborat qurollar savdosini man qilishga chaqirmoqda.

So'rovda demokratik va respublikachi qarashlarga ega fuqarolarning javoblari bir-biridan keskin farq qiladi. Qurol savdosiga oid qonunlarni kuchaytirishni targ'ib qiluvchi Demokratik partiyaning so'rovda qatnashgan tarafdorlaridan 87 foizi, qurolga egalik qilishni konstitutsion huquq deb biluvchi Respublikachilar partiyasining so'rovda ishtirok etgan tarafdorlaridan 59 foizi o'z partiyasining bu masala bo'yicha siyosatiga xayrixoh ekanini bildirgan.

Qurol nazoratiga doir so'rovlar 2013-yildan beri o'tkazib kelinayotgan bo'lsa, qonunlarni kuchaytirish tarafdorlari soni eng so'nggi so'rovdan so'ng maksimal darajaga chiqdi.

So'ralganlarning aksariyati qurolga doir qonunlarni shtat yoki mahalliy darajada isloh qilmasdan yoppasiga mamlakat bo'ylab joriy etish zarurligini aytadi. Biroq fuqarolar qonunchilar joriy yilda bu ishga qo'l urishiga ishonmaydi.

So'nggi so'rov natijalaridan ma'lum bo'lishicha, amerikaliklar o'zi yoki yaqinlarining quroldan ziyon ko'rishidan xavotirda, ayniqsa oq tanli bo'lmagan toifa vakillari bundan tashvishda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG