Breaking News

Tramp: Amerikaliklar bemalol qurol ko'tarib yuraversin


Prezident Donald Tramp Atlanta shahrida AQSh Qurol uyushmasida so'zlamoqda, 28-aprel, 2017
Prezident Donald Tramp Atlanta shahrida AQSh Qurol uyushmasida so'zlamoqda, 28-aprel, 2017

Prezident Donald Tramp yaqinda AQSh Qurol uyushmasida so’zladi. Oxirgi marta u yerda davlat rahbari 1983-yilda nutq qilgan edi. Ronald Reygan o’shanda amerikaliklar qurolga egalik qilish huquqiga ega va bu uzviy huquq, deya bong urgan. Tramp ham bu bayonotni takrorladi.

​Prezident qurol uyushmasida juda iliq kutib olindi. Bu tashkilot qurolga egalik huquqining asosiy targ’ibotchisidir.

“O’tgan sakkiz yil davomida hukumat bu erkinlik himoyasi uchun hech narsa demadi va qilmadi. Endi esa Oq uyda yaqin homiy va do’stga egasiz”, - deydi Tramp.

Trampning prezidentlikka saylanishida bu uyushma ulkan moliyaviy hissa qo’shgan. Shuningdek, siyosiy targ’ibot olib borgan.

Qurol sotib olish uchun fuqaro qator tekshiruvlardan o’tadi. Federal qidiruv byurosi bu jarayonni nazorat qiladi. Ariza berayotganlar kamaygan.

“Chunki qurolga egalik qilish huquqi bekor qilinayotgani yoki cheklanayotgani yo’q”, - deydi Toni Jenkins, qurol savdosi bo'yicha mutaxassis.

So’nggi payt qurol savdosi kamaygani yaxshi, deydi faollar, lekin nazoratni oshirish kerak.

“Mamlakatimizda qurol juda ko’p. Son jihatdan, unga egalik jihatdan… Odamdan ham qurol ko’pdek tuyuladi”, - deydi Kris Braun, qurolli jinoyatlarga qarshi kurashuvchi tashkilot rahbari.

Tramp va qurollar
Iltimos, kuting...
Embed

No media source currently available

0:00 0:03:10 0:00

Qurol bizneslariga ko’ra mahsulot faqat ruxsatnomaga ega fuqarolarga sotiladi.

“Shaxsiy himoya yoki ovchilik uchun olasiz. Tekshiruvdan o’tmasangiz, huquqqa ega emassiz”, - deydi Jenkins.

Biroq qurol yarmarkalari va internetda ham sotib olayotganlar ko’p, deya eslatadi Braun.

“Xuddi aeroportda terroristlar uchun alohida yo’lak ochib qo’ygandeksiz. Bu yoqqa o’ting, deysizmi? Qurol ham shunday”.

Qurolli jinoyatlarda AQSh bo’ylab har yili 32 mingdan oshiq odam halok bo’ladi. Kris Braunning tashkilotiga Oq uyda ishlab, bu masalani yaqindan o’rgangan odamlar asos solgan, xususan 1981-yilda prezident Reygan o’qqa tutilganida jarohatlangan rasmiy.

2000-yilda chiqqan kitobida Tramp qurolga egalikni nazorat qilish kerak, deya yozgan. Ayrim turlarini man etishni taklif qilgan.

Ammo Oq uy uchun kurashayotgan paytida cheklovlarni tinimsiz qoraladi. Demokratlarni huquqbuzarlar deya targ’ib qildi. Bosh qomus qurolga ruxsat beradi.

“Qurol bozorida talab pasaygani yoki oshgani haqida yil oxirida xulosa qilish mumkin. Yangi yil oldidan bozor qiziydi yoki qizimaydi”, - deydi Jenkins.

Qurol sotuvchilari o’tgan yilgi daromaddan rozi emas. O’tgan yili 27 million odam qurol uchun ruxsat so’ragan. Barak Obama prezidentligi davrida arizalar soni ikki baravar oshgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG