Breaking News

Amerikada "Qurol zo'ravonligiga qarshi kun" o'tkazildi


2-iyun Amerikada "Qurol zo'ravonligiga qarshi kun" bo'ldi. So'nggi paytlarda jamoat joylarida ommaviy otishmalar ko'paygan. Kolorado, Konnektikut, Kaliforniya, Texas, Illinoys shtatlarida maktab, cherkov, kinoteatrlarda ko'plab odamlar nobud bo'ldi. Shunga qaramay, qurol savdosi bobida amerikaliklar yakdil emas - ayrimlar uni man qilishga da'vat etsa, boshqalar qurol shaxsiy himoya uchun zarur ekanini aytib, taqiqga qarshi.

"Qurol zo'ravonligiga qarshi kun"da faollar qo'ng'ir kiyimda chiqdi. Qo'ng'ir rang inson hayotining qadr-qimmati ramzidir. Shu kun mamlakatning ko'plab binolarida qo'ng'ir rangli chiroqlar yondi. Jumladan, Nyu-Yorkdagi mashhur osmono'par "Empire State" binosida ham.

"Bu Amerika tarixidagi eng muhim davrdir. Har kuni mamlakatimizda quroldan 91 odam o'ladi. Xalq bundan charchadi. Bunga chek qo'yish kerak", - deydi rejissyor Spayk Li.

Nyu-Yorkda tadbirga chiqqanlar orasida 25-may kuni otishmada akasini yo'qotgan Shanduk Makfatter ham bo'ldi.

"Muammoni hal etish uchun qo'lga qurol olish kerak degan tasavvur mamlakatimizda chuqur o'rnashib qolgan. Boshqa jamiyatlarda birinchi navbatda qurolga murojaat qilish o'rgatilmaydi. Demak, bizda bu so'nggi chora emas, balki ko'nikma ekanini ko'rsatishimiz lozim. Odamlarni o'zini bunday tutishdan qaytarish kerak", - deydi u.

Aksariyat amerikaliklar himoya uchun qurolga egalik qilishni konstitutsion huquqi deb biladi. Ruhoniy va siyosiy faol Rob Shenk ham ilgari shunday deb o'ylar edi. Ammo mahallasidagi qonli otishma fikrini o'zgartirdi.

"Himoya uchun qo'lga qurol olganingizda, boshqa odamni o'ldirishga shay ekaningizni namoyish etasiz. Bunga majbursiz. Chunki agar shu qurol bilan o'ldirishga kuchingiz yetmasa, demak siz kattaroq xavf tug'diryapsiz. Olishuvda to'pponchangizni olib qo'yishsa, keyin bu quroldan siz yoki boshqa odamlarni o'ldirishlari mumkin", - deydi ruhoniy.

Shankning aytishicha, qonun qurolga egalik qilishga ruxsat beradi, ammo "u bilan boshqa odamni o'ldirish to'g'rimi" degan ma'naviyatga tegishli savolga javob bermaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG