Breaking News

Qirg'iziston lo'lilari qanday orzu bilan yashaydi?


Qirg'iziston lo'lilari. "Ozodlik"ning Qirg'iz xizmatidan olingan surat.
Qirg'iziston lo'lilari. "Ozodlik"ning Qirg'iz xizmatidan olingan surat.

May oxirida Gruziya poytaxti Tbilisida mayda xalqlar vakillarining anjumani o’tishi kutilmoqda. Tadbirda Qirg’izistondagi Lo’lilar jamiyatining raisi Bahodir Normirzayev ham qatnashadi.

​Respublikada to’rt mingdan ortiq lo’li bor. Ular, asosan, janubda istiqomat qiladi. Markaziy Osiyo lo’lilari mintaqaning barcha o’lkalarida yashab kelayotgan elat bo’lib, turmush tarzi, ehtiyoj va orzu-umidlari o’xshash.

“Tbilisidagi anjumanda qatnashishdan asosiy maqsad - Qirg’iziston lo’lilari turmushini yangi pog’onaga ko’tarish yo’llarini o’rganish. Birinchi navbatda farzandlarimizga ta’lim berish jarayonini yo’lga qo’yishimiz lozim. Yosh avlodni pokiza mehnatga, chiroyli hayotga targ’ib qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Turli tillarda ta’lim-tarbiya beruvchi bolalar bog’chasi qurib olsak degan orzum bor”, - deydi O’shdagi Lo’lilar jamiyatining raisi Bahodir Normirzayev.

Omma fikrida lo’lilar Markaziy Osiyo mamlakatlarining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hayotidan chetda qolgan, o’z haq-huquqlariyu, fuqaroviy majburiyatlardan bexabar, qoloq elat degan tasavvurning mavjudligi sir emas.

Keyingi yillarda ayrim nodavlat tashkilotlar ushbu elat hayoti, ehtiyojlari, orzu-umidlarini chuqurroq o’rganishga kirishmoqda.

“Lo’lilar ona tilida o’qiy olmagan va hozir ham shunday. Ona tilida kitoblar ham, ta’lim beruvchi muallimlar ham yo’q. Bolalarimiz rus, qirg’iz, o’zbek maktablarida tahsil olish jarayonida darslarni o’zlashtirishda ancha qiynalishadi. Odatda o’qishi, bilimi sust. Aynan ilm-ta’limdan chetda qolish elatimizni taraqqiyotdan ortga surdi”, - deydi suhbatdosh.

Lo’lilarning bir qismi mayda-chuyda ro’zg’orbop ashyolar, taqinchoqlar, milliy liboslarni tayyorlash bilan kun kechirsa, boshqa qismi ishlatilgan buyumlar hamda metallolom sotib olish va qabul punktlariga topshirishni kasb qilgan.

Bu elatning ma’lum qismi uchun odatiy mashg’ulot - ko’cha-ko’yda fol ochish, hayr-sadaqa so’rash.

Lo’lilar jamiyati faollarining fikricha, aynan ilm, ma’rifat, turli sohalarda mehnat bilan band bo’lish elatdoshlarni ko’pchilik hushlamaydigan amaliyotdan uzoqlashtiradi. Shu maqsadda jamiyat mehnatga layoqatli erkaklarni Qirg’izistonning shimoliy hududi hamda Qozog’iston va Rossiyada ishga joylashtirishga harakat qilmoqda. Maqsad - erkaklar ishlab pul topsa, ayollar ko’chada tilanchilik qilmaydi.

Markaziy Osiyo lo’lilari orasida tarqalgan rivoyatlarga ko’ra, ular mintaqaga qadim Mo’lton, hozirgi Hindiston, Pokiston, Bangladesh taraflardan kelib qolgan.

“O’sha yurtlar bilan aloqa o’rnatib, Qirg’iziston lo’lilari hayotining ravnaqiga hissa qo’shsak, deymiz. Qolaversa, Turkiya, Xitoy, Amerikada ham elatdoshlarimiz bor. O’sha tomonlar bilan ham hamkorlik qilsak”, - deydi Bahodir Normirzayev.

Lo’lilardan shifokorlar, muallimlar, san’atkorlar, huquq-tartibot idoralari xodimlari yetishib chiqqanini faxr bilan tilga olarkan, Normirzayev Qirg’iziston davlat tizimlari hamda xorijiy elatdoshlar ko’magida taraqqiyot sari shaxdam qadam qo’yish imkoni tug’ilishiga umid qiladi.

XS
SM
MD
LG