Breaking News

AQSh kompaniyalari: H-1B vizasini rasmiylashtirish qimmat


AQShda ishlashga ruxsat beruvchi noimmigrant "H-1B" vizasini olish oson emas. Dartmut kolleji rahbar tadbirkorlar orasida o'tkazgan so'rov natijalaridan ma'lum bo'lishicha, Amerika kompaniyalari uchun xorijdan mutaxassis yollash qimmat jarayon, ko'plab cheklovlar mavjud.

1-apreldan boshlab "H-1B" vizaga hujjat topshirish boshlandi. Shirkatlar maxsus bilim va tajribaga ega professionallarni yollashni istaydi. Dastur talablariga ko'ra, talabgorlar kamida bakalavrlik darajasiga ega bo'lishi, muayyan sohada kamida olti yil ishlagan bo'lishi kerak.

So'rovni o'tkazgan kollej dekani Mettyu Sloterning aytishicha, "H-1B" vizasi bilan kelgan muhojir qayerda ko'p bo'lsa, o'sha yerda samaradorlik yuqori bo'lib, bu o'z navbatida maoshlar va turmush darajasining ko'tarilishiga yetaklaydi.

AQSh kompaniyalari H-1B vizasini rasmiylashtirish qimmatligidan nolimoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:46 0:00


“Malakasi mahalliy ishchilarnikidan yuqori bo'lgan immigrant jamoalarda maoshlarning yuqoriligi aniqlandi", - deydi u.

Sloterning izlanish natijalari 400 kompaniya rahbarlari bilan o'tkazgan suhbatlariga asoslanadi. Unga ko'ra, maxsus malakali mutaxassislarga ehtiyoji bor korporatsiyalar ular uchun "H-1B" turdagi vizani rasmiylashtirish o'ta xarajatli ekanidan shikoyat qiladi.

"So'rovda qatnashganlarning 82 foizi xorijdan ishchini yollash xarajat jihatdan amerikalik mutaxassisni ishga olish bilan teng va, hatto qimmatroq ekanini aytadi", - deydi kollej dekani.

Ba'zi amerikaliklar fikricha, "H-1B" vizasi egalari mahalliy mutaxassislar ishini olib qo'ymoqda. Biroq AQSh sobiq xazinachisi Rosario Marinning aytishicha, yuqori texnologiyali sanoatlarda xorijiy mutaxassislarga talab katta. Sobiq rasmiy hozirda Amerika raqobatchilik alyansi tashkilotiga hamraislik qiladi.

"Muhandislik sohasida Amerika universitetlarini tamomlagan bitiruvchilarning 80 foizini, informatika sohasi bo'yicha o'qiganlarning esa 70 foizidan ziyodini xorijiy talabalar tashkil etadi", - deydi u.

Vizaga hujjat topshirish jarayoni

"H-1B" vizasi talablariga ko'ra, xorijliklar mustaqil ravishda viza so'rab murojaat qila olmaydi - Amerikadagi kompaniya ularga taklif yuborib, barcha hujjatlarini rasmiylashtirishi kerak.

O'tgan moliyaviy yilda 233 ming ariza berildi. Kongress chekloviga ko'ra, bir yilda 85 ming mutaxassisga ishchi vizasi berilishi mumkin, xolos. Kvotaga tushmay qolganlari lotereya asosida saralanadi. Omadi chopmaganlar AQShda ishlay olmaydi. Rosario Marinning aytishicha, bunday cheklovlar tufayli viza ololmagan professionallarni boshqa mamlakatlar yollashi mumkin.

"Vaziyatdan iqtisodiy raqiblarimiz unumli foydalanadi, ular "H-1B" vizasini qo'lga kiritolmagan odamlar bilan bog'lanadi", - deydi u.

Byorn Billxardt kompaniyaga xorijdan mutaxassis yollaydi. Uning aytishicha, qattiq talablar va cheklovlar tufayli o'z vaqtida mutaxassis yollanmasa, samarali va o'ziga xos deb topilgan loyihalar turib qolishi, yopilib ketishi mumkin.

"Bunday kompaniyalarning to'rtdan uch qismiga ko'ra, agar yuqori malaka talab qiluvchi ish o'rni bir oydan ko'p bo'sh turib qolsa, shirkat raqobatga yon berib, muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin", - deydi bu borada izlangan Sloter.

Maxsus viza talabiga ko'ra, ish beruvchi yollanayotgan xorijlikka boshqa malakali xodimlarga to'lanadigan maoshdan kam pul bermasligi kerak.

Dasturga qarshilik

Ba'zilar "H-1B" vizasi bilan Amerikaga kelgan odamlarni arzon ishchi kuchi deb, dastur suiiste'mol qilinayotganini aytadi. Yetakchi senatorlar Chak Grassli va Jeff Seshns hamda Respublikchilar partiyasidan prezidentlikka ikki da'vogar shunday fikrda.

Tadbirkor Donald Trampning aytishicha, "H-1B" vizali mutaxassislar maoshini oshirish talabi xorijdan arzon ishchini olib kelishga umid qilgan kompaniyalarni boshlang'ich lavozimlarga ishsiz yurgan mahalliy ishchilarni yoki Amerikadagi xorijliklarni yollashga majbur qilishi mumkin. Shunda yo'l haqi ham tejaladi.

Trampning saylov kampaniyasidagi raqibi Ted Kruz esa dasturning suiiste'mol qilinganini tekshirish va tergov qilish uchun "H-1B" vizalarni 180 kun bermay turishni taklif etmoqda.

Kruzning aytishicha, kompaniyalar amerikaliklarni ishga yollash o'rniga viza dasturi talablariga zid holda xorijdan arzon ishchilarni olayotgani haqida xabarlar ko'paymoqda.

O'tgan yili AQSh Senatida ushbu masala hamda dasturning amerikalik ishchilarga ta'siri bo'yicha ikki bor tinglov o'tkazildi.

Sloter bilan suhbatlashgan yetakchi tadbirkorlarning 71 foizi AQShda malakali mutaxassislarni ishga olish jarayoni qiyinlashsa, kompaniyani xorijga ko'chirishini bildirgan.

"Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, ayrim shirkatlar xorijiy pudratchilar xizmatidan foydalanmoqda.

Sloter va Marin biznes muhitni yaxshilash uchun Kongress "H-1B" viza siyosatini isloh qilishi shart, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG