Breaking News

AQSh mudofaa vaziri Osiyo bo'ylab safarga chiqmoqda


AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel
AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel
AQSh mudofaa vaziri Chak Xeygel Osiyo bo’ylab bir haftalik safarga chiqmoqda. Bugun u Gavayi shtatida Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasiga a’zo mamlakatlar mudofaa vazirlari bilan uchrashib, so’ng Yaponiya va Xitoyga yo’l oladi.

Qo’shma Shtatlar Xitoyning dengizda qo’shni davlatlar bilan munozaraga sabab bo’lgan harakatlarini provokatsion deb keladi.

O’tgan yili Pekin Sharqiy Xitoy dengizidagi hudud ustidan havo nazoratini o’rnatdi. Dekabr oyida esa AQSh harbiy kemasi Xitoyniki bilan to’qnashib ketishiga oz qoldi.

So’nggi paytda Qo’shma Shtatlar tashqi siyosatda Osiyoga urg’u berishini, mintaqa davlatlari bilan xavfsizlik va savdo bobida munosabatlarni kuchaytirmoqchi ekanini aytib keladi.

Xitoy mudofaa vaziri Chan Vansuan o’tgan yili Vashingtonda bo’lganida AQShning Osiyodagi faolligini savolga tutgan edi.

"Siyosatdagi bu o’zgarish Xitoyga qarshi emas, uni zaiflashtirishga qaratilmagan deya umid qilamiz", - degan edi vazir o’shanda.

Chan Pekinda amerikalik hamkasbi bilan uchrashib, bu to’g’risida yana bir bor gaplashadi.

Pentagon matbuot kotibi, kontr-admiral Jon Kirbining aytishicha, Xeygelning mintaqaga safari Vashingtonning qat’iyligini namoyish etmoqda.

"Mudofaa vaziri prezident Obamaning Osiyo-Tinch okeani mintaqasida siyosatimizni muvozanatga solish haqidagi rejasini ijro etmoqda", - deydi Kirbi.

ASEAN ga a’zo davlatlar mudofaa vazirlari o’tgan yili uchrashganida majlis qilganida mintaqadagi hududiy munozaralarni muhokama qilgan edi. Vyetnam, Malayziya, Bruney, Filippin Xitoydan norozi. Barchasi Xitoy kabi Janubiy Xitoy dengizidagi orollarga da’vo qiladi. Bugun Gavayida vazirlar shu masalada yana gaplashadi.

Chak Xeygl Gavayidan so’ng Yaponiyaga yo’l oladi. Bu mamlakat ham Pekin bilan orollar talashmoqda. Tomonlar Shimoliy Koreya yadro dasturiga ham to’xtaladi.

O’tgan hafta Pxenyan ikkita o’rta masofali raketasini sinab, BMT Xavfsizlik Kengashidan dakki yedi.

AQSh Qurolli kuchlarining Tinch okeani qo’mondonligi rahbari admiral Samuel Loklirning yaqinda Kongressda hisobot berishicha, Xitoy Pxenyanga harbiy yordam uzatishda davom etmoqda va bu mintaqa tinchligi va barqarorligiga tahdiddir.

"Shimoliy Koreya Xitoyning ittifoqchisi. Harbiy sohada uzoq yillardan beri yaqindan hamkorlik qilishadi. Bu hol bundan keyin ham davom etadi deb o’ylayman", - dedi admiral.

AQSh mudofaa vaziri Xitoyda ilk bor bo’ladi. Xeygel ilgari Osiyoga safar qilgan, ammo Xitoyda to’xtamagan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG