Kuchli Matyu dovuli AQShning Florida shtatiga yetib bordi. Avval Gaitini kezgan ofat bu yurtga katta talafot yetkazgan.
Florida gubernatori Rik Skott ikki kundirki jamoatchilikni ogoh bo'lishga, tabiiy ofat bilan o'ynashmaslikka undayapti.
Xavfli manzillarda yashayotgan bo'lsangiz, darhol ko'ching. Ko'ching, deya undadi gubernator. O'lim bilan o'ynashmang, deydi Rik Skott.
Payshanba kuni Florida rasmiylari bir yarim million fuqaroga xavfsiz joylarga ko'chishni buyurdi.
AQShning Atlantika okeani tomonidagi sohillariga yaqinlashgan, oxirgi o'n yildagi eng xatarli dovul bu, deydi mutaxassislar.
Prezident Obama Florida, Jorjiya va Janubiy Karolinada favqulodda holat e'lon qildi.
Eslatish joiz, janubi-g'arbiy sohillarda bu to'fon 283 odamning boshini yegan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Gaitida eng ko'p talafot ko'rgan hududlarga yordam jo'natmoqda.